Kuni kecha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Saudiya Arabistonida 17 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogida mezbon futbolchilarni 2:0 hisobida yengib, bosh sovrinni qo‘lga kiritganidan xabaringiz bor.
Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa qit’amizda tengsiz bo‘lgan O‘zbekiston U17 terma jamoasining ushbu muvaffaqiyati munosabati bilan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Bahodir Qurbonov nomiga tabrik yo‘lladi.

“Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan 17 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritganingiz bilan Sizni va O‘zbekiston futbol oilasini chin qalbimdan tabriklashdan mamnunman. O‘zbekistonning musobaqa davomida ko‘rsatgan ajoyib o‘yinlari yurtingizda futbolni rivojlantirish va ommalashtirish yo‘lida amalga oshirilgan mehnat va sa’y-harakatlaridan dalolatdir. Islom Ismoilov va butun jamoaga turnir davomida namoyish etgan yorqin o‘yinlari uchun minnatdorchilik bildiraman va FIFA U17 Jahon chempionatida ham muvaffaqiyat tilayman! O‘zbekiston futbol jamoatchiligiga esa kelgusi faoliyatida zafarlar tilayman», deyiladi OFK prezidentining tabrigida.
Ha, bugun o‘zbek o‘g‘lonlarining ulkan muvaffaqiyatlari dunyo uzra baralla yangramoqda. Shuningdek, ularning g‘alabalari sharafiga yo‘llanayotgan bunday tabriklar millionlab futbol muxlislarining qalbiga quvonch bag‘ishlashi shubhasiz. Umid qilamizki, Qatarda o‘tadigan mundialda ham qonida doimo g‘alaba bo‘lgan futbolchilarimiz o‘zgacha uslub, ruhan va jismonan tetiklik bilan yuksak marralarni zabt etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA