Futbol bo‘yicha U17 yosh toifasidagi Osiyo kubogida O‘zbekiston terma jamoasi barcha raqiblarni yengib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Kubokning so‘nggi hal qiluvchi final bahsida O‘zbekiston terma jamoasi mezbon Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushdi. Toif shahridagi “Qirol Fahd” stadionida tashkil etilgan o‘yinning birinchi bo‘limi tugashi arafasida ikki o‘yinchi kam bo‘lib qolgan jamoamiz haqiqiy matonat ko‘rsatib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Termamizga g‘alaba keltirgan gollarga Muhammad Hakimov, Sadriddin Hasanov, mualliflik qildi.

Ma’lumot o‘rnida: U17 yosh toifasidagi O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo kubogida «A» guruhidan o‘rin oldi. Ushbu guruhda dastlab Tailand termasini 4:1, ikkinchi turda Xitoyni 2:1 hisobida yengib, Qatarda bo‘ladigan Jahon chempionatiga yo‘llanmani naqd qildi.
Guruh bosqichining so‘nggi turida Saudiya Arabistonini 3:0 hisobida taslim qildi. Shuningdek, chorak finalda BAA terma jamoasini 3:1, yarim finalda KXDR termasini yirik - 3:0 hisobida yengdi.

Mazkur musobaqada raqiblar darvozasiga jami 5 ta gol urgan futbolchimiz Asilbek Aliyev Osiyo kubogining to‘purariga aylandi.
Islom Ismoilov boshchiligidagi terma jamoamiz 3-27 noyabr kunlari Qatarda o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etadi.


Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA