Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 6-turidan o‘rin olgan “Neftchi” – “Paxtakor”, “Sho‘rtan” – “Mash’al” va “Buxoro” – “Nasaf” jamoalari bahsi keskin va murosasiz bellashuvlarga boy o‘tdi.
Poytaxtimizdagi “Jar” stadionida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda “Buxoro” 1:3 hisobida “Nasaf”ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Uchrashuvda “Nasaf” jamoasidan Igor Golban, Stefan Cholovich, Murodbek Rahmatov o‘z hisobiga gollarni yozib qo‘ygan bo‘lsa, “Buxoro”ning bitta golini Sardor Qulmatov kiritdi. Shuningdek, ushbu turda "Sho‘rtan" Sardor Abduraimovning yagona goli evaziga "Mash’al"ni taslim etdi.

Turning markaziy uchrashuvlaridan biri bo‘lgan “Neftchi” va “Paxtakor” klublari bahsi Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida o‘tdi. Superligani muvaffaqiyatsiz o‘tkazayotgan “Paxtakor” azaliy raqibiga qarshi safarda o‘tgan o‘yinda o‘ta hujumkor o‘yin namoyish etdi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limi 23-daqiqasida Umar Adhamzoda hisobni ochgan bo‘lsa, Brayan Riaskos 43-daqiqada gol urib hisobni 0:2 ko‘rinishiga olib keldi. So‘ngra, Igor Sergeyev 45+1-daqiqada o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Shuningdek, Umar Adhamzoda, 45+6-daqiqada o‘zining ikkinchi goliga mualliflik qildi. Shu tariqa, poytaxtimiz klubi safardan yirik 0:4 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi.
Milliy chempionatimizda bugun, 20 aprel kuni OKMK – “So‘g‘diyona”, “Andijon” – “Dinamo” va “Surxon” – “Navbahor” klublari o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Ma’lumot tariqasida aytish joizki, “Curxon” – “Navbahor” jamoalari bugunga qadar o‘zaro 36 marta ro‘baro‘ kelgan va ularda 25 marotaba “Navbahor” g‘alaba qozongan. “Surxon” 6 ta o‘yinda g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, 5 ta bahsda jamoalar durang qayd etgan. To‘plar nisbati – 87/26 “Navbahor” foydasiga. O‘zaro uchrashuvlarda “Navbahor” 80 ochko, “Surxon” esa 23 ochkoni qo‘lga kiritgan. Ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlardagi eng yirik hisob 9:0 bo‘lib, ushbu natija 1997 yili Namanganda “Navbahor” jamoasi tomonidan qayd etilgan.
Darvoqe, “Surxon-arena” stadionida o‘tadigan “Surxon” va “Navbahor” uchrashuvini Naim Qosimov boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib boradi. Unga qanotlarda Farhod Usmonov va Elnur Doniyorov yordam beradi. VAR hakami etib Firdavs Norsafarov tayinlangan bo‘lsa, Zilola Rahmatova unga assistentlik qiladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA