RF Tojikistonga oziq-ovqat yordami sifatida 270 tonna bug‘doy berdi, deb xabar qilgan Rossiyaning Dushanbedagi elchixonasi matbuot xizmati.
— Bu ko‘mak yuki BMT Jahon oziq-ovqat dasturining maktablarni oziqlantirish dasturi doirasida Ta’lim va fan vazirligiga topshirildi, — deyilgan axborotda.
Elchixona vazir-maslahatchisi Vera Xutorskaya aytishicha, qishloq maktablariga sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish yaxshi an’anaga aylangan. “Tashabbus davom etadi, mamnuniyat bilan ta’kidlaymizki, dasturning samarali va barqaror ijrosi tufayli yaxshi natijalarga erishyapmiz”, — degan u.
Mazkur loyiha doirasida respublikaning 53 tuman va shahridagi 2000 ta maktabning 1-4-sinflarida 450 mingga yaqin o‘quvchi to‘liq issiq ovqat bilan muntazam ta’minlanmoqda.
RF Tojikistonga keyingi to‘rt yil davomida shunday gumanitar yordam ko‘rsatishda davom etishini ma’lum qildi.