Bugun, 8 aprel kuni Fransiya poytaxti Parij shahrida shaxmat bo‘yicha aylana tizimda davom etayotgan “Freestyle Chess Grand Slam Paris” turnirining ikkinchi kungi musobaqalarida keyingi bosqichga yo‘l oladigan 8 nafar ishtirokchi va turnir bilan xayrlashadigan 4 nafar shaxmatchi nomi aniqlanadi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 680 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lgan turnirda ishtirokchilar tezkor shaxmatda bahslashmoqda. Har bir o‘yin uchun 10 daqiqa va 10 soniyalik qo‘shimcha vaqt belgilangan bo‘lib, keyingi bosqichga yo‘l olgan 8 nafar shaxmatchi bosh sovrin uchun pley-off bosqichida kurash olib borishadi.
Birinchi kungi musobaqalar davomida o‘tkazilgan 36 ta o‘yinning oltitasigina durang bilan yakunlandi.

Turnir boshlanishiga ikki kun qolganda amerikalik Hans Niyemanning o‘rniga imtiyozli yo‘llanma sohibi sifatida musobaqaga taklif etilgan hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov 1-turda germaniyalik Vinsent Keymerni, 2-turda amerikalik Fabiano Karuanani, 3-turda vengriyalik Richard Rapportni taslim etdi. 4 va 5-turlarda fransiyalik Maksim Vashe-Lagrev va FIDE bayrog‘i ostida turnirda qatnashayotgan Yan Nepomnyashiy bilan murosa yo‘lini tanladi. 6-turda esa hindistonlik Vidit Gujratni dog‘da qoldirgan Nodirbek 5 ochko bilan peshqadamlar qatoridan joy olishga muvaffaq bo‘ldi.
Mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etayotgan sobiq jahon chempioni, FIDE reytingi yetakchisi norvegiyalik Magnus Karlsen ham 6 imkoniyatdan 5 ochko jamg‘arib, yetakchilikka da’vogar bo‘lib turibdi.
Bugun ikkinchi kungi hal qiluvchi bahslarda Abdusattorov Magnus Karlsen, Gukesh Dommaraju, Xikaru Nakamura, Arjun Erigaisi, Rameshbabu Praggnanandxa bilan kuch sinashadi.
14 aprelga qadar davom etadigan xalqaro turnirda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 200 ming AQSH dollariga ega chiqadi. Bahslarda ishtirok etayotgan 12 nafar shaxmatchining barchasi ko‘rsatgan natijasiga qarab mukofot jamg‘armasidan tegishli summani qo‘lga kiritadi.
Eslatib o‘tamiz, Nodirbek Abdusattorov 7-turda oq donalarda Arjun Erigaisi bilan, 8-turda qora donalarda Magnus Karlsen bilan, 9-turda oq donalarda Gukesh Dommaraju bilan, 10-turda qora donalarda Xikaru Nakamura bilan, 11-turda oq donalarda Rameshbabu Praggnanandxa bilan ro‘baro‘ keladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA