
O‘zbekistonlik bolalar yozuvchisi, turli janrdagi 60 dan ortiq kitoblari chop etilgan adiba, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Muhabbat Yo‘ldoshevaning “The Secret of mouse” (“Sichqonchaning siri”) nomli ingliz tilidagi kitobi Xalqaro Xans Kristian Andersen mukofotiga nomzod sifatida tavsiya etildi.
Mazkur mukofot 1956 yilda dunyo bolalar yozuvchilarini birlashtirish maqsadida ta’sis etilgan bo‘lib, adabiyot olamida “Kichik Nobel mukofoti” deb ham ataladi.
Muhabbat Yo‘ldosheva fantast-yozuvchi, jurnalist, ssenarist, kinotarjimon sifatida yurtimiz adabiy maydonida ijod qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Muhabbat opa 1964 yil 22 martda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Toshkent Politexnika instituti – hozirgi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining tog‘-metallurgiya fakultetini bitirgan.
1989 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Muhabbat Yo‘ldoshevaning fantastik hikoya va ertaklari ingliz, serb, hind, bengal, koreys, qozoq, xitoy, ukrain, belarus, vetnam va rus tillariga tarjima qilingan. Asarlari Misr, AQSH, Xitoy, Janubiy Koreya, Angliya, Pokiston, Ukraina, Qozog‘iston, Vetnam va boshqa davlatlarda nashr etilgan.
Muhabbat Yo‘ldosheva Moskvada o‘tkazilgan “Belaya skrijal” I Xalqaro hikoyalar tanlovida bolalar adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘lgan.
2013 yilda Janubiy Koreyada o‘tkazilgan O‘rta Osiyo mamlakatlari xalqlarining miflari, ertaklari va afsonalari asosidagi ssenariylar xalqaro tanlovida “Ko‘hi-Qof shahzodasi” nomli badiiy film ssenariysi bilan 1-o‘rinni egallagan.
Ijodkor 2022 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan “Ayolga ehtirom” adabiy tanlovining g‘olibi bo‘lgan.
N.Usmonova,
O‘zA