Sirdaryoda "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan "Obod xonadon", "Obod ko‘cha" va "Obod mahalla" respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi. Unda tuman-shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 33 nafar ishtirokchi respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritish uchun harakat qilishdi.
–Mahallalarda obodlik va farovonlikni ta’minlash, aholi daromadini oshirish, milliy qadriyat hisoblangan qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan ko‘rik-tanlovning tuman va shahar bosqichlarida 239 mahalladan 700 dan ortiq ko‘chaboshi va 1200 nafarga yaqin xonadon egalari ishtirok etib, shundan 33 nafari g‘olib bo‘lgandi,–deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Uyg‘un Hotamov.
Tanlov shartlariga ko‘ra, viloyat bosqichi ishtirokchilari birinchi shart bo‘yicha "Obod xonadon", "Obod ko‘cha" va "Obod mahalla" yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlarni 5 daqiqalik rolik va elektron taqdimot shaklida taqdim qilgan bo‘lsa, ikkinchi shart bo‘yicha tanlov tashkilotchilari tomonidan tayyorlangan 2 ta savolga, ya’ni mahalla raisining bilim saviyasi, dunyoqarashi, fikrlash qobiliyati, mulohaza yuritishini aniqlaydigan, shuningdek, sohaga oid boshqa qonun hujjatlari talablaridan kelib chiqqan holda bergan javoblari baholanadi.
[gallery-22356]
Natijaga ko‘ra, Shirin shahridagi Vatanparvar mahallasi raisi Malika Mirahmedova, mahallaning Xalqlar do‘stligi ko‘cha boshisi Zilola Madumarova, mahalladagi namunali xonadon egasi Dilfuza Qurbonovalar 1-o‘rinni egallab, respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/S3HUn7S3FGU" title="“Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” g‘oliblari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>– Mahallamizni eng farovon hududlardan biri deya olaman, – deydi tanlov g‘olibi, Vatanparvar mahallasi raisi Malika Mirahmedova. – Jinoyatchilikdan xoli hudud hisoblangan mahallamizda yoshlar va ayollar bandligini ta’minlash, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish eng asosiy masala sifatida qaraladi. "Mahalla yettiligi" bilan hamjihatlikda bundan ham yuqori natijalarni erishishga harakat qilamiz.
Yakunda g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.
G‘ulom Primov,
Shahriyor Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbirlari