
Munosabat
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan nodavlat notijorat tashkilotlarining Konstitutsiya va qonunchilikda belgilangan faoliyat erkinligi kafolatlarini yanada mustahkamlash nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasida nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati erkinligini mustahkamlash va jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator takliflar ilgari surilgan. Shular haqida mulohaza qiladigan bo‘lsak, birinchidan, nodavlat tashkilotlarning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilanishi soha mustaqilligi va erkinligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eng asosiysi, nodavlat tashkilotlarning Konstitutsiyada belgilangan faoliyat erkinligi kafolatlari amalda ta’minlanadi.

Barchaga ma’lum, nodavlat tashkilotlar muayyan sohalar rivojiga o‘z hissasini aynan jamoatchilik nazorati orqali qo‘shadi. Misol uchun, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha qurilish va ijtimoiy soha ob’ektlarida jamoatchilik monitoringlarini olib boradi. Afsuski, bu monitoringlar natijasida aniqlangan kamchiliklar, ayrim hollarda mas’ullar e’tiboridan chetda qolib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmaydi.
Qonun loyihasida taklif etilayotganidek, jamoatchilik nazorati hujjatini ko‘rib chiqmaslik uchun mansabdorlarga javobgarlik belgilansa, nodavlat tashkilotlarning sa’y-harakatlari besamar yoki qog‘ozda qolib ketmaydi va jamoatchilik nazorati hujjati haqiqatdan ta’sirchan kuchga ega hujjatga aylanadi.
Bundan tashqari, nodavlat tashkilotlar huquqbuzarliklari uchun amaldagi jarima miqdorlarini sezilarli kamaytirish taklif etilmoqda. Bu ortiqcha moliyaviy yuklamalar bo‘lmasligini ta’minlaydi.
Bugungi kunda assotsiatsiyamiz tomonidan fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida nodavlat tashkilotlar rahbarlari Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘qitilmoqda. Mazkur o‘qishlarda ularga qonunchilik talablari ham alohida tushuntiriladi.
Shu o‘rinda huquqbuzarlik statistikasiga e’tibor qaratsak, o‘quvlar samarasini ko‘rish mumkin, ya’ni huquqbuzarlik soni o‘tgan yili 2022 yilga nisbatan to‘rt baravarga kamaygan.
Lekin, sohaga yangi kirib kelayotgan yosh nodavlat tashkilotlar orasida tajriba yetishmovchiligi va qonunchilikni to‘liq bilmaslik natijasida huquqbuzarliklar uchrab turibdi. Jarima miqdorlari kamaytirilishi aynan shu holatlarda yosh nodavlat tashkilotlar uchun katta yengillik beradi, deb hisoblaymiz.
Ushbu qonun loyihasi bilan “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Soliq kodekslariga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda.
Umuman olganda, qonun loyihasida nodavlat tashkilotlar huquqlari va manfaatlariga doir yaxshi takliflar bor. Kelgusida joylarda nodavlat tashkilotlarni keng jalb qilgan holda qonun loyihasini muhokama qilish va uni yanada takomiliga yetkazishga xizmat qiladigan takliflar olish reja qilingan.
Kamoliddin ESHONXO‘JAEV,
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari
milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi.
O‘zA