
O‘zbekistonda jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birgalikda, Prezidentning yangi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida O‘zbekistonda bir qator yangiliklar joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Bu yuzasidan 14 mart kuni IIV Jamoat xavfsizligi departamenti, huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati rahbariyati va mutasaddi xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, har bir mahalla uchun aniq javobgarlik tizimi yo‘lga qo‘yilib, 2024 yilda jinoyatlar sodir etilgan mahallalar kesimida “mahalla-tuman-viloyat” darajasida aniq mas’ul rahbarlar biriktirilgan. Ularning har biri belgilangan hududda huquqbuzarliklar profilaktikasi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.
Shuningdek, kriminogen vaziyat og‘ir bo‘lgan hududlarda jinoyatlarga sabab bo‘layotgan asl omillarni o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida choralar ko‘riladi.
“Mahalla yettiligi” tizimi kuchaytiriladi. Huquqbuzarliklarning oldini olishda mahalladagi jamoatchilik vakillari, nuroniylar hamda mahalla faollari keng jalb etiladi.
Qayd etilishicha, mahallalar, jamoat joylari va yashash xonadonlarida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida xavfsizlik kameralari, avtomatlashtirilgan monitoring tizimlari va elektron xabar berish mexanizmlari keng joriy etiladi.
Profilaktika ishlarini samarali tashkil etish maqsadida profilaktika bosh inspektori lavozimi joriy etiladi va u mahalla huquq-tartibot maskani faoliyatiga rahbarlik qiladi.
2025 yil 1 apreldan boshlab esa Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari tarkibida quyidagi tuzilmalar tashkil etiladi:
• Migratsion profilaktika bo‘linmalari – migratsiya jarayonlarini nazorat qilish va ushbu sohada huquqbuzarliklarning oldini olish bilan shug‘ullanadi.
• Tumanlararo ma’muriy konvoy guruhlari– huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning xavfsizligini ta’minlash va ularni belgilangan joylarga yetkazishga mas’ul bo‘ladi.
• Ma’muriy amaliyot guruhlari – kriminogen vaziyat og‘ir bo‘lgan hududlarda huquq-tartibotni mustahkamlash uchun joriy etiladi.
Shu bilan bir qatorda, profilaktika kichik inspektori lavozimi joriy qilinib, mahallalarda qonunbuzarliklarning oldini olishda xizmat olib boradi.
[gallery-22249]
Har chorak yakunida esa mas’ul rahbarlarning mahallalarda erishgan natijalari tahlil qilinadi.
Bunday muhokamalar har oyda – Ichki ishlar vaziri huzurida, har chorak yakunida – Bosh prokuror hamda har yarim yilda – Bosh vazir huzurida o‘tkaziladi.
Yana, har bir mahalla kesimida O‘zbekiston Prezidentiga muntazam axborot berilib, samaradorlik natijalariga ko‘ra, mas’ul shaxslar rag‘batlantiriladi yoki ularga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi.
Tadbir so‘ngida OAV vakillarining savollariga javob berildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tku1Yd4tbWM" title="Mahallalarda xavfsiz muhit: 2025 yilda qanday o`zgarishlar kutilmoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, U.To‘xtayev, O‘zA