
Munosabat

Fransiya uzoq tarixi bor, iqtisodiyoti, madaniyati, ilm-fani rivojlangan, ikki yuz yildan ortiq demokratik taraqqiyot tajribasiga ega mamlakat sifatida e’tirof etiladi. Yirik industrial-agrar mamlakat sifatida sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi.
Mamlakat yalpi ichki mahsuloti 3 trillion AQSH dollaridan yuqoriroqni, YAIMni kishi boshiga taqsimlaganda esa, qariyb 45 ming dollarni tashkil etadi. Xorijiy mamlakatlarga sarmoya kiritish hajmi bo‘yicha ham peshqadamlar safida bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda kuchli uchtalik davlatlar qatorida turadi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, birinchilardan bo‘lib tan olgan davlatlardan biri ham aynan Fransiyadir. O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 1 martda o‘rnatilgan. 1992 yil iyunda Fransiyaning O‘zbekistonda, 1995 yil mart oyidan boshlab esa, O‘zbekistonning Fransiyada elchixonasi o‘z faoliyatini boshlagan.
O‘tgan vaqt davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ta’lim sohalarida faol rivojlanib, turli sohalarda qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2023 yilda O‘zbekiston hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida 2025 yilgacha mo‘ljallangan yangi Strategik hamkorlik dasturi imzolandi. Umumiy byudjeti 1 milliard yevrodan oshgan ushbu dastur doirasida qishloq xo‘jaligi, energetika, “yashil iqtisodiyot”, shaharsozlik, suv ta’minoti, bank-moliya sektori, transport kabi yo‘nalishlarda faol hamkorlik qilib kelinmoqda.
Hozirda O‘zbekistonda Fransiya kapitali ishtirokidagi 50 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Qolaversa, Fransiya O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida yuqori ulushga ega bo‘lgan hamkor davlatlar TOP-10 taligiga kirib, 2024 yilda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 1,1 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. Shuningdek, Fransiya O‘zbekistonning eksportida yuqori ulushga ega bo‘lgan davlatlar qatorida 6-o‘rinda bo‘lib, mamlakatimiz tomonidan o‘tgan yili 795 million AQSH dollarilik mahsulot va hizmatlar mazkur davlatga eksport qilingan.
Joriy yilning 11-13 mart kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Fransiyada davlat tashrifi bilan bo‘lganligi o‘tgan vaqt davomida erishilgan natijalarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilganligi bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi.
Parij shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildilar.
Bu nafaqat O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganligidan, balki Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarga ham yangi ruh olib kirishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Tashrif davomida yana bir kutilmagan voqelik ro‘y berdi. Davlatimiz rahbariga Fransiyaning eng oliy davlat mukofoti – Faxriy legion ordeni topshirildi. Ushbu Faxriy legion ordeni 1802 yilda ta’sis etilgan bo‘lib, Fransiyada ushbu orden alohida xizmatlarning davlat darajasida e’tirof etilishi va shon-sharafning eng yuqori belgisi hisoblanadi.
Ushbu orden bilan bugungi kunga qadar dunyoning yetakchi siyosatchilari hisoblangan Imperator Akixito, Franklin Ruzvelt, Uinston Cherchill, Nelson Mandela, Angela Merkel, Sindzo Abe, Jastin Tryudo kabilar taqdirlangan. Ordenning davlatimiz rahbariga berilishi bugun dunyoda yuz berayotgan geosiyosiy va geoiqtisodiy sohadagi o‘zgarishlar, jahon sahnasida kuzatilayotgan murakkab va jumboqli jarayonlarda Prezidentimiz tomonidan ichki va tashqi siyosatda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho deb ham aytish mumkin.
Shu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratmoqchimiz. Fransiya va O‘zbekiston turizm sohasida hamkorlik qilish uchun katta imkoniyatlarga ega, fransuz investitsiyalari O‘zbekistonning turistik infratuzilmasini rivojlantirishda muhim rol o‘ynashi mumkin. Dunyodagi yetakchi turistik davlatlardan biri sifatida Fransiya katta tajribaga ega bo‘lib, bu O‘zbekistonning turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Avvalo, fransuz investorlari mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilishda ishtirok etishi mumkin, bu esa xalqaro standartlarga mos keladigan xizmat ko‘rsatish va qulaylikni ta’minlaydi. Shuningdek, transport tizimini takomillashtirish, aeroportlar, temir yo‘llar va yo‘l tarmoqlarini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, turistlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohatni yanada qulay qiladi.
Bundan tashqari, Fransiya madaniy merosni asrab-avaylash borasida ham katta tajribaga ega bo‘lgani uchun tarixiy yodgorliklarni restavratsiya qilish va ularni xalqaro miqyosda ommalashtirish bo‘yicha hamkorlik O‘zbekistonning turizm salohiyatini sezilarli darajada oshirishga yordam beradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi doirasida imzolangan Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan Fransiya Madaniyat vazirligi, Madaniy meros milliy instituti va Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti o‘rtasidagi hamkorlik bitimlari buning uchun katta zamin yaratadi.
Albatta, tashrif doirasida yuqoridagi kabi ko‘plab sohalarda bir qator kelishuvlarga erishildi. Ushbu kelishuvlarning samarali amalga oshirilishida parlamentlararo munosabatlar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois tashrif davomida Prezidentimizning Burbon saroyida Fransiya Milliy majlisi raisi Yael Braun-Pive bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi hamda O‘zbekiston – Fransiya parlamentlararo forumini tashkil etish va “yo‘l xaritasi” asosida do‘stlik guruhlari ishini qayta tiklash masalalarining muhokama qilinganligi ayni muddaodir.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishi va yangi loyihalarning amalga oshirilishi kelgusida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA