
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida ishtirok etib, sermazmun fikr hamda mulohazalarga boy taklif va tavsiyalar berdi. Yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlarga baho berilib, kelgusi vazifalar belgilandi. Bularning bari barchamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Darhaqiqat, korrupsiya davlat tuzumini ichidan yemiradigan, ijtimoiy barqarorlik kushandasidir. Zang temirni yemirgani kabi, korrupsiya jamiyatni yemiradi, chiritadi. Shu sababli korrupsiyaga adolat, taraqqiyot tushunchalari begona. Bunda korrupsiya va byurokratiyaning har qanday ko‘rinishi, mahalliychilik va guruhbozlik illatlariga qarshi keskin kurashish zarur. Albatta, bugun bironta sohada korrupsiya yo‘q, deb ayta olmaymiz. Ba’zi vazirlik va idoralar «bizda korrupsiya yo‘q, unga barham berdik» deyishadi. Aslida bunday emas. Afsuski, oddiy fuqarodan so‘rasangiz, «korrupsiya yo‘q joyning o‘zi kam», deydi.
Guni ham unutmaslik kerakki, bugungi davrda hech bir davlat korrupsiyadan holi emas. Ammo unga qarshi kurashmaslik falokatga eltadi. BMT Taraqqiyot dasturida jahon iqtisodiyoti aynan korrupsiya holatlari tufayli yiliga 3 trillion AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘qotayotganini, jamiyat taraqqiyotining eng xavfli kushandasiga aylangan bu illatga qarshi faqat birgalikda kurash olib borishgina kutilgan samarani berishi ta’kidlangan.
Demakki, korrupsiya balosi dunyodagi ko‘plab mamlakatlarni qamrab olgan, hozir jahonda poraxo‘rlik tugatilganligi bilan maqtana oladigan biror davlatning o‘zi yo‘q. E’tiborlisi, pora berishning, korrupsiyaning turlari ham ko‘payib ketdi. Hozirgi kunda jinoyatni yashirish uchun naqd to‘lov vositasi bo‘lmagan kriptovalyutalarda “haq berish” avj oldi. Ko‘rib turganingizdek, dunyoda korrupsiyaviy holat og‘ir bo‘lib, u har qanday davlatdan bu jirkanch ofatga qarshi ayovsiz kurashni talab qiladi. Korrupsiya shunday yovuz illatki, u xalqning davlatga, Konstitutsiya va qonunlarga ishonchiga putur yetkazadi, barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun jiddiy tahdidga aylanadi.
Har yili xalqaro tashkilotlar korrupsiyaga qarshi kurash borasida dunyo davlatlarining vaziyatini tahlil qilib boradi. “Transparenci Internashional” xalqaro tashkiloti shular jumlasidan. Uning hisobotidan ma’lum bo‘lishicha, dunyo mamlakatlarining 86 foizi oxirgi 10 yilda korrupsiyaga qarshi kurashda biror ijobiy siljishga erishmagan. 154 davlatda vaziyat yomonlashgan yoki hech qanday ijobiy o‘zgarish yuz bermagan. Korrupsiyaga qarshi kurashda vaziyat ijobiy tomonga o‘zgargan mamlakatlar ham mavjud. Ular orasida Markaziy Osiyodan O‘zbekiston bor. O‘zbekiston oxirgi yillarda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha o‘z reytingini yaxshilab bormoqda. 2012-yildan beri mamlakatimizning indeksdagi ko‘rsatkichi 11 ballga o‘sgan. Demokratlashtirish jarayonini jadallashtirib, shuningdek, hukumat idoralarida korrupsiyaga qarshi kurashni jonlantirib, O‘zbekiston mintaqada boshqalar uchun namuna bo‘lmoqda. Eng muhimi, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratildi. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi o‘rni va ta’siri ortib borayotir. Ochiqlik bo‘yicha xalqaro reytinglardagi mamlakatimizning o‘rni 138 pog‘onaga yaxshilanib, Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda 30-o‘ringa ko‘tarilgani fikrimizni dastaklaydi. Bu bilan O‘zbekistonda korrupsiya bilan bog‘liq muammolar yo‘q demoqchi emasmiz. Mamlakatimizda ochiqlik siyosati o‘tkazilayotgani, korrupsiyaga qarshi kurash mavzusi OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilayapti. Ta’sirchan jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yilayapti. Muxtasar aytganda, korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy va moliyaviy mexanizmlarining takomillashtirilayotgani, bu jarayonga jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini jalb qilish hamda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha idoralararo hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar albatta, o‘z samarasini beradi.
So‘nggi yillarda bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha qonunlar qabul qilinib, yangi tizim yaratildi. Parlament palatalarida mas’ul qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va Agentlik tashkil qilindi. Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari Prezidenti Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka saylangach, ilk imzo chekkan qonun “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun ekanligini ta’kidlamoqchiman. Qolaversa, aynan Prezidentimiz tashabbusi bilan “elektron hukumat” tizimidan keng foydalanilmoqda. Elektron hukumatning joriy etilishi va uning imkoniyatlaridan keng foydalanish korrupsiyaga qarshi kurashishda eng samarali vosita hisoblanadi. AQSH, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Singapur, Norvegiya, Koreya Respublikasi kabi mamlakatlar elektron hukumatni yaratish orqali korrupsiyaga qarshi kurashishda yuqori natijalarga erishgan. Yuqoridagi davlatlarning tajribalaridan xulosa chiqarish mumkinki, elektron hukumatni joriy qilish davlat boshqaruvi organlari faoliyatida oshkoralikni ta’minlashga katta yordam beradi.
Ta’kidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurashishning eng asosiy yo‘li davlat organlari faoliyati va ish jarayonlari shaffofligini oshirish, ishga qabul qilish, davlat xaridlari, ruxsatnoma va litsenziyalar berish kabi jarayonlarda ochiq-oshkoralikni ta’minlashdir. Albatta, bularni amalga oshirish oson bo‘lmaydi. Lekin o‘tgan sakkiz yil davomida bu borada katta tajriba to‘plandi. Ushbu illatga barham berishda eng samarali vosita illatning o‘zi bilan emas, balki sababi bilan kurashish ekanini ko‘rsatdi. Shu o‘rinda erishilgan natijalarga ham to‘xtalish joiz. Davlat xaridlari bo‘yicha qonun qabul qilingani, tanlov va tender raqamlashib, sog‘lom raqobat bo‘lgani uchun o‘tgan yili 14 trillion so‘m byudjet mablag‘i tejaldi. Bir paytlar odamlar kredit olish uchun ko‘plab to‘siq va g‘ovlarni yengib o‘tishi kerak edi. Bugunga kelib barcha banklar 100 million so‘mgacha maishiy kreditlarni inson omilisiz 5 daqiqa ichida onlayn bermoqda. Natijada oldin bu ish bilan shug‘ullangan minglab bankirlar endi mahallaga tushib, odamlarga loyiha, kredit taklif qilib, mijozini ko‘paytirish ustida ishlayapti. Odamlar bolasini maktab yoki bog‘chaga joylashtirishda sarson bo‘lgan, ishini “boshqa yo‘llar” bilan hal qilishga to‘g‘ri kelgan edi. O‘tgan davrda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 10 dan ortiq xizmat turlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi. Ushbu sohada murojaatlar soni 2,5 karraga kamaydi. Bundan 7-8 yil avval oliygohlarga o‘qishga kirishda “tanish-bilishchilik” avj olgan edi. Soha raqamlashdi, imtihonlar onlayn translyatsiya bo‘layapti. Avval test topshirib, to‘plagan balliga qarab, keyin oliygohni tanlash tizimi joriy qilindi. Oliy ta’limda 35 turdagi hujjatlarni inson omilisiz olishga o‘tilgani uchun sohadagi murojaatlar 2,2 baravar kamaydi. Yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari bodi-kamera bilan xizmat o‘tayotgani, avtoraqamlar auksionda sotilayotgani, “qo‘l radari” va qog‘oz bayonnoma tuzish bekor qilingani uchun korrupsiya omillari keskin kamaydi. Aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Natijada 200 mingga yaqin yangi tadbirkorlar bozorga kirib keldi. Chet el ishtirokidagi korxonalar qariyb 5 karra oshib, 23 mingga yaqinlashdi. Elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetdi, ulardan foydalanuvchilar esa 11 milliondan oshdi. Bularni hech biri o‘zidan-o‘zi bo‘lgani yo‘q. Hammasiga Prezidentimiz rahnamoligida mashaqqatli mehnat hisobiga erishildi. Eng muhimi – bularning hisobiga aholi, tadbirkorlar, xorijiy hamkorlar, xalqaro tashkilotlar va investorlarning O‘zbekistondagi islohotlarga ishonchi mustahkamlandi. So‘nggi yetti yilda 120 milliard dollardan ortiq investitsiya kirgani, iqtisodiyot 2 karra o‘sib, o‘tgan yili 115 milliard dollarga yetgani buning yaqqol isbotidir.
Ochig‘i, korrupsiiyaga qarshi kurash samaradorligi halol va professional, yurtparvar kadrlarga bog‘liq. Shu bois Bosh vazirga 117 ta vazirlik va idoradagi “korrupsiyaga qarshi ichki nazorat” tuzilmalari rahbarlarini ishdan olish va ularning o‘rniga halol, fidoyi va professional kadrlardan qo‘yish, ularni oldiga aniq vazifalarni belgilab berish topshirildi. Vazirliklarning hududiy komplayens xodimlarini bevosita vazirni o‘zi ishga qo‘yishi, o‘ziga siyosiy mas’uliyat olib, butun tizimidagi korrupsiya uchun shaxsan javob berishi belgilandi. Korrupsiyani oldini olish – davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni “halollik vaksinasi” bilan emlashdan boshlanadi. Kadrlarni o‘qitish, tarbiyalash va joy-joyiga qo‘yishda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Davlat boshqaruvi akademiyasining yetakchi sifatidagi roli sezilmayotgani ham ayni haqiqat. Kadrlarni baholashda eski namunadagi “ob’ektivka”dan voz kechib, ilg‘or IT texnologiyalar asosida xodimning malakasi va salohiyati, erishgan natijalarini baholaydigan tizimga o‘tilishi belgilandi. Lavozimga qo‘yishda xodimning qaysi oliygohni bitirgani yoki qayerda ishlagani emas, qanday bilim-tajribaga egaligi va ko‘rsatgan natijalari asosiy mezon bo‘ladi. Bu borada nomzodning kamchiliklari bilan birga yaxshi taraflarini ham xolisona aytish kerak. Vaholanki, shu paytgacha bizda bunday tizim yaratilmagsan edi. Endi esa bundan buyon mahallalarda odamlar bilan ishlagan, ularning muammosini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, hal qilgan yoshlar orasidan rahbar kadrlar tanlab olinadi. Yana bir masala – davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonunni qabul qilish vaqti-soati kelgani ta’kidlandi. Bu borada jamoatchilik fikri juda muhim. Shu bois mutasaddilarga tez fursatda ushbu qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yib, 1 aprelgacha kiritish topshirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Agentlikning ish uslubi mutlaqo o‘zgaradigan bo‘ldi. Buning uchun tajriba tariqasida 5 ta idora: Sog‘liqni saqlash, Qurilish, Suv xo‘jaligi vazirliklari, “O‘zbekneftgaz” va “O‘zsuvta’minot”ning komplayens nazorati agentlikka o‘tkazilishi ayni muddao bo‘ldi. Korrupsiyaning oldini olishda kompleks yondashuv zarur, sababi, busiz ushbu illatni yengib bo‘lmaydi. Duch kelgan bitta sohani tanlab, kurashadigan bo‘lsak, korrupsiya zanjirini aslo uzib bo‘lmaydi. Shu bois, davlatimiz rahbari Parlament a’zolari va mahalliy Kengashlar deputatlarini ham bong urib, aniq sohalarni tahlil qilib, korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha faol bo‘lishga chaqirdi, buning uchun ularda yetarli vakolat ham, shijoat ham bor. Korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir etilayotir. Masalan, infratuzilmaga ulanish, litsenziya olish, imtiyozli kredit ajratish, ishga qabul qilish, malaka oshirish kabi yo‘nalishlarda korrupsiya omillari ko‘p. Islohotlar natijadorligi avvalo, sadoqatli, fidoyi va korrupsiyaga toqatsiz yangi avlodga bevosita bog‘liq. Bu ishda fikri toza yosh avlodni tarbiyalash ustuvor vazifaga aylansa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shu maqsadda maktab direktorlari “Tarbiya” fani doirasida o‘g‘il-qizlarimizga halollik, birovni haqiga xiyonat qilmaslik kabi ezgu g‘oyalarni sodda tilda tushuntirib borishi kerakligi ta’kidlandi. Rektorlar esa talaba va yoshlarning korrupsiyaga qarshi loyihalari, startap va innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini yo‘lga qo‘yishi zarur. Uzoq yillik pedagogik tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, o‘quvchi va talabalar ongiga korrupsiya taraqqiyotimizga tushov, degan g‘oyani quya olsak, asrimiz vabosini yenga olishimiz mumkin. Umuman olganda, fuqarolarimizda ushbu illatga qarshi kurashishda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatning yetarli darajada shakllantira olishga erishmoq asosiy vazifa. Oila, bog‘cha, maktabda o‘g‘il-qizlarimiz ongiga tamagirlik, poraxo‘rlik yomon illatgina emas, balki u jamiyat tanazzuli ekanligi haqida ko‘proq tarbiyaviy va targ‘ibot ishlarini olib bormas ekanmiz, maqsadga erisha olishimiz qiyin kechadi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, mutaxassislarni jalb qilib, jamiyatimizning barcha a’zolari «halollik vaksinasi» bilan emlanishi lozim.
Bugun har birimiz jirkanch illatga qarshi kurash masalasida hushyorlikni qo‘ldan boy bermasligimiz zarur. Befarq, loqayd bo‘lar ekanmiz, taraqqiyotga to‘g‘anoq bo‘layotgan bu illatdan xalos bo‘lolmaymiz. Uni bartaraf etmas ekanmiz, jamiyat daraxti meva tugib, gurkirab o‘solmaydi. Kelajak avlod bu daraxtning saxovatidan bahramand bo‘lolmaydi.
Korrupsiya muqarrar falokatdir. U kelajakka ishonch, umid ruhini so‘ndiradi. Jamiyatda ruhsiz va kayfiyatsiz insonlarning ko‘payishiga, o‘g‘rilik, kazzoblik, ayyorlik kabi illatlarning palak yozishiga sabab bo‘ladi. Korrupsiyadek illatga barham berishga qarshi kurash mamlakatimizning yaqin va uzoq yillar uchun belgilab olingan Taraqqiyot strategiyasini to‘liq amalga oshirishga xizmat qiladi. Korrupsiyaga qarshi kurash – umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishidir. Umuman, bu jarayondan hech kim chetda turmasligi kerak. Shu bois, korrupsiyaga nisbatan murosasiz bo‘lish uchun yanada ko‘proq sharoit yaratib, bunga keng jamoatchilikni jalb qilish zarur. Avvalo, nodavlat tashkilotlar faolligini oshirish lozim. Qolaversa, bu yo‘lda davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligini mustahkamlash ham dolzarb sanaladi.
Toppo‘lat MATIBAEV,
xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati,
sotsiologiya fanlari doktori.