
Jurnalist mulohazalari
Qiziq zamonlar keldi. Dunyo siyosatini uchta yirik davlat belgilayapti. Ular ichida hamon AQSH yetakchilik da’vosida. Rossiya – Ukraina urushiga ham vositachilikni zimmasiga oldi.
Aslida bu mulohazalarni yozish niyatim bo‘lmagan. Ammo yillar, oylar, hatto kunlar emas, soat sayin ayrim davlatlarning an’anaviy munosabati bir daqiqada aksiga aylanganini tasavvur qilish qiyin.
60 yildan oshibdiki, “Ozodlik” radiosini bilaman. Talaba bo‘lganimda ustozlar bu radio haqida goh baralla, goh pichirlab gapirganlarini eshitganman. Keyin esa kasbim taqozosiga ko‘ra tinglab borish lozim bo‘ldi.
“Ozodlik”, menimcha, hamisha to‘qsonga o‘n qabilida ishlagan. Ya’ni eshittirishlarning katta qismi noxolis, yolg‘on, hatto tuhmatdan iborat bo‘lar edi. Ahyon-ahyondagina haqiqatda jamiyat va hayotda bor kamchiliklar tilga olinardi.
Bunday deyishga asoslarim bor, albatta.
2004 yil aprelida men O‘zbekiston televideniyesining “Axborot” direksiyasi muxbiri sifatida O‘zbekiston tumanidagi qishloq xo‘jaligi ishlari haqida reportaj tayyorlaganman. Unda paxta niholiga ishlov berish aks etgan. Lavha so‘nggida bir ko‘rinishda jamoa a’zolariga ish haqi berilayotgani ham ko‘rsatilgan. O‘shanda “Ozodlik”ning Toshkentda byurosi, viloyatlarda esa muxbirlari bo‘lgan. Lavha efirga berilgach, “Ozodlik”ning muxbiri Nosir Zohid shirkat a’zolariga aslida ish haqi berilmagani, ko‘rsatilgan voqelikni esa tasvirchi tashkil etgan, deya tuhmat va yolg‘on axborot tarqatdi. Biz “Axborot” direksiyasida unga javob berishga qaror qildik. Biz tasvirchi bilan voqea joyiga qaytib borib ishtirokchilar, guvohlar ko‘rsatmalarini, insayder so‘zlarini yozib olib “Ozodlik” yolg‘onlarini fosh etdik. Ko‘rsatuv arafasida “Ozodlik” tahririyatiga qo‘ng‘iroq qilib “Shaybon” taxallusli muxbiri va Toshkent byurosi rahbari Rahmatjon bilan suhbatlashdik. Uni ham ko‘rsatuvga kiritdik. Xullas, sharmandasi chiqdi ularning.
Ko‘rsatuv efirga uzatilgach, ertasi kuni ishga, televideniyega kelsam, kirish yo‘lagi oldida (“Paxtakor” metro bekatining kirish gumbazli binosi qarshisida) yigirma chog‘li odam shior ko‘tarib turishibdi. “Obidov, “Ozodlik”dan qo‘lingni tort!” deb yozilgan edi shiorda. Uni tutib turgan yigitlarning biridan so‘radim, Obidov kim o‘zi, deb. U esa, o‘qidingizmi, o‘ting bu yoqqa dedi. Shunda ikki yoqasidan mahkam tutib, o‘sha Obidov menman, sen kimsan o‘zi, deya baqirdim. U shior dastasini yerga tashlab jon talvasasida qo‘limdan chiqishga urinar edi.
– Jon aka, meni qo‘yib yuboring, biz mardikorlarmiz, soatiga 5 ming so‘mdan (voqea 2004 yilda bo‘lgan) beramiz deb Chorsudan yollab olib kelishgan hammamizni, – derdi u.
Shovqin-surondan shior dastasini ko‘targan ikkinchi yigit ham tashladi-yu qochdi. Qolganlari qo‘limdan sherigini yulqib oldilar va metro bekati tomon yugurdilar.
Shu kuni kechqurun “Ozodlik” radiosida “Toshkentda norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi” sarlavhali maqola berildi. Unda “Axborot muxbiri Muhammadjon Obidov “Ozodlik”ni asossiz ayblagani” aytilib, bir guruh toshkentliklar televideniye binosi oldida norozilik namoyishi o‘tkazgani aytiladi. Ammo voqelikning men ishtirokimdagi davomi haqida bir so‘z deyilmagan.
Umuman, “Ozodlik” tuhmat, yolg‘on axborot yaratish va tarqatishning haddini olgan. Uning jurnalistlari kuch va mahoratini xolislik asosida sarflaganidami, allaqachon taniqli ijodkor bo‘lar edi.
“Ozodlik”ning malakasi yuqori, siyosatdon, gapga chechan jurnalistlari nega yolg‘ondan qochmaydi, deb ko‘p o‘ylayman. Bilsam, ular 2005 yilda O‘zbekistondan chiqarib yuborilganidan keyin insayder – mamlakatdan axborot yetkazib turuvchilar “chuv” tushirib qo‘yar ekan.
2020 yilda “Ozodlik” Quvasoyda bir gumondorni militsiya xodimlari urib o‘ldirib qo‘ydilar, deb vahima ko‘tardi. Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ “marhum”ning uyiga borishsa, unga hech nima qilmagan, hech kim urmagan va tabiiyki, tirik ekan. Shunda “marhum” “Nega meni o‘ldiga chiqarding”, deya “Ozodlik”ka murojaat qildi. Ammo “Ozodlik” ko‘zini baqraytirib turaverdi.
O‘sha paytda men Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari edim. “Ozodlik” radiosidan raddiya talab qilib chiqdim. Ammo javob bo‘lmagach, bo‘lgan voqeliklar: yolg‘on, tuhmat eshittirishlarni ingliz tiliga tarjima qildirib, AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeoga elektron maktub yo‘lladim. Unda tuhmatchi “Ozodlik” jurnalistlariga nisbatan chora ko‘rishini so‘radim. Bilmadim, shu xat sababmi, lekin o‘sha kunlari “Ozodlik” radiosining Pragadagi o‘zbek shu’basida o‘zgarishlar ro‘y berdi. Shu’ba rahbari vazifasidan ozod qilindi.
Keyin “Ozodlik”ning eng iqtidorli jurnalistlaridan biri menga qo‘ng‘iroq qilib, o‘pkalandi: “Insayderga ishonib qolibmiz...”.
Shu kabi asoslanmagan, noto‘g‘ri ma’lumotga tayanib yolg‘on, tuhmat, noxolis axborotlar tarqatilaverdi, tarqatilaverdi...
Qaysidir saytda o‘qidim. AQSH davlat departamenti “Ozodlik” uchun bir yilda 1 mlrd dollar pul sarflar ekan. Qiziq, Amerika uchun shuncha mablag‘ sarflab o‘zbek va boshqa tillarda radioeshittirish tarqatish o‘zi nimaga kerak? Bu pullar Amerika xalqi farovonligiga ishlatilsa bo‘lmaydimi?
Har ishning o‘z vaqti bo‘lar ekan. Donald Tramp lavozimga keldi-yu, nazarimda endi “Ozodlik”ning kuni bitadi, chog‘i.
– Bu kabi axborot vositalarini moliyalashtirishni to‘xtatamiz, – deyishmoqda AQSH Prezidentining yuqori martabali mulozimlari.
Kuni kecha esa oddiy amerikaliklar Oq uy qarshisida “Ozodlik” radiosi faoliyatini to‘xtatishni talab qilib namoyishga chiqibdi. Zamonani qarang –a!
Muhammadjon Obidov,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.
PS. Ha, yana bir gap. Vashingtondagi namoyishlar yurtimizdagi ilgari “Ozodlik”ning kosasidan yalanib yurganlarga yoqmabdi shekilli, Rossiyaning qo‘li Vashingtonga yetib bordi, deya yana haqiqatni bulg‘amoqchi bo‘lyaptilar. Yo‘q, janoblar, ko‘zingizni oching, “Ozodlik” kerak emasligi haqidagi fikr AQSH rahbariga tegishli va Amerika soliq to‘lovchilari uni qo‘llab-quvvatlayaptilar, xolos.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/iG9E3AfJy9g" title="“Ozodlik” radiosi yopiladimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
O‘zA