
Keyingi yillarda ichki va tashqi bozorda ijtimoiy ahamiyatga ega asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Bu ehtiyojni qondirish, eksport salohiyatini oshirish uchun mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish zarur.
Shu maqsadda “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilgan.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasida mazkur qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi. Unda qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarni turli tavakkalchiliklardan himoya qilish va barqaror daromad olishni kafolatlash uchun Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasidagi yo‘qotishlarni baholash, shuningdek, sug‘urta hodisalari bo‘yicha yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash mustaqil ekspertlar tomonidan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi sohasi tavakkalchiliklarini sug‘urtalashda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmi yaratilib, sug‘urta mukofotining 50 foizi davlat tomonidan qoplab berilishi ko‘zda tutilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchilarning sug‘urtalangan tabiiy ofatlar va boshqa xatarlardan ko‘radigan zararlarini qoplash uchun Qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash jamg‘armasining mablag‘lari yetarli bo‘lmagan taqdirda, yetmagan qismi respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishi nazarda tutilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi sohasida tavakkalchiliklarni sug‘urtalash jarayonida ishtirok etuvchi sub’ektlarining huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.
Qonun bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarning xavf-xatarlar tufayli yetkazilgan zararlari o‘rnini qoplash bo‘yicha huquqiy asos yaratiladi.
Sohada tavakkalchiliklarni sug‘urtalash jarayonida ishtirok etuvchi sub’ektlarning huquq va majburiyatlari aniq belgilanmoqda. Qonun bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy barqarorligi ta’minlanadi hamda turli xavf-xatarlarning moliyaviy ta’sirini kamaytirish imkoni yaratiladi.
Majlis yakunida tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA