
Mamlakatimizda parvarishga muhtoj keksalarning yaxshi hayot kechirishi uchun imkoniyat yaratish va nogironligi bo‘lgan shaxslarning vaqtini unumli o‘tkazishga qaratilgan kompleks xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda.
Bu borada davlatimiz rahbarining 2023 yil 27 dekabrdagi "O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 maydagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatuvchi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida“gi qarorida bir qancha vazifalar belgilab berilgan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi axborot xizmatining xabar berishicha, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu xizmat “Kambag‘al oilalar reyestri” va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalarning o‘zgalar parvarishiga muhtojlik darajasi Bartel va Lauton shkalalari bo‘yicha 0 balldan 62 ballgacha bo‘lgan a’zolari uchun taklif etiladi.
Xizmat ko‘rsatuvchi, ya’ni autsorsing shartlari asosida xizmat ko‘rsatishga jalb etilgan tadbirkorlik sub’ekti haftada 5 ish kuni davomida kuniga kamida 8 soat davomiylikda xizmat ko‘rsatadi.
Xizmatni ko‘rsatish davomida shaxsga qarab turish (yiqilish va jarohatlanishning oldini olish), shaxsni parvarishlash (ovqatlantirish, gigiyenik tadbirlarni amalga oshirish), ular bilan muloqot qilish, ularni o‘z-o‘ziga xizmat qilishga o‘rgatish kabi tadbirlar amalga oshiriladi.
Shuningdek, xizmatdan foydalanuvchi bilan kelishuvga muvofiq boshqa xizmatlar ham ko‘rsatilishi mumkin.
Bu xizmat turidan foydalanish istagida bo‘lgan fuqarolar “Inson” markazlariga yoki mahalladagi ijtimoiy xodimga murojaat qilishlari mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA