
Yevropa Ittifoqi Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela Markaziy Osiyoning besh mamlakati bo‘ylab safarini boshladi. U dastlabki uchrashuvni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan o‘tkazdi.
Qo‘shni davlat rahbari mamlakati muhim tashqi iqtisodiy va sarmoyaviy sherik sifatida YeI bilan har tomonlama strategik hamkorlikka ustuvor ahamiyat berishini ta’kidladi:
– Sheriklikni kengaytirish va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ko‘p qirrali aloqalarni chuqurlashtirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Muloqot chog‘ida Yozef Sikela YeI mintaqamizga alohida e’tibor qaratayotganini qayd etdi.
“Kazinform” axborotiga ko‘ra, tomonlar transport yo‘lagi, logistika infratuzilmasi, barqaror energiya va raqamli tizimni rivojlantirish bo‘yicha joriy va istiqbolli loyihalarni tahlil qilgan.
Shuningdek, mintaqaviy va global muammolar yuzasidan fikr almashilgan. Xalqaro maydonda, jumladan, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formati doirasidagi sa’y-harakatlarni yanada muvofiqlashtirish zarurligi ma’qullangan.
B.Xudoyberdiyev,
O‘zA