
Keyingi yillarda Toshkent shahrida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar joriy qilindi. Biroq transport vositalari soni tez sur’atlarda ko‘payib borayotgani yo‘l harakati boshqaruv tizimlarini yanada takomillashtirish zaruratini keltirib chiqardi.
Hozir Toshkent shahrida jami 1150 ta svetofor mavjud bo‘lib, ulardan 80 tasi «aqlli» svetoforlardir. Bu svetoforlar real vaqt rejimida harakatni optimallashtiradi. Ularda yo‘naltirishlar muddati transport oqimining holatiga qarab signal orqali belgilanadi: qizil – 45±3 soniya, sariq – 3 soniya, yashil – 40±5 soniya. Bu tizim xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgan.
Umuman, bugungi kunda yurtimiz bo‘ylab 4628 ta svetofor o‘rnatilgan, 2510 ta onlayn ishlovchi statsionar radar va kamera tizimlari faoliyat yuritmoqda, Toshkent shahrida esa bunday qurilmalarning soni 650 tani tashkil etadi.
Shu o‘rinda mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligi sohasida erishilgan natijalarga nazar tashlaymiz: 2024 yilda respublikada avtomobillar soni 600 mingtaga, bundan tashqari, mamlakat aholisi qariyb 1 million nafarga ko‘paydi. Mazkur omillar yo‘llarda harakat qatnashchilarni soni oshishiga ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lsada, respublikadagi umumiy yo‘l transport hodisalari (YTH) sonining kamayish dinamikasi saqlanib qolmoqda.
2024 yil davomida haydovchilar tomonidan qariyb 20 millionga yaqin yo‘l harakati qoidabuzarliklari sodir etilgan bo‘lib, bunda 10 va undan ortiq qoidabuzarlik qilgan haydovchilar soni 38 mingdan ziyodni tashkil etadi. O‘tgan 2024 yilda qayd etilgan 9 mingtadan ortiq YTHlarning 46 foizi yil davomida 10 tadan ko‘p qoidabuzarlik qilgan haydovchilar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, respublikada ro‘yxatga olingan 5 milliondan ortiq transport vositalarining 1 milliondan ortig‘i yil davomida umuman qoidabuzarlik qilmagan. Shuningdek, 2024 yil davomida sodir etilgan qoidabuzarliklar tufayli davlat byudjetiga 1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan.
MDH davlatlari bilan qiyoslanganda, O‘zbekiston 2019 yilda yo‘l-transport hodisalari soni bo‘yicha beshinchi o‘rinni egallagan. 2024 yil yakuniga ko‘ra, respublikamiz MDH davlatlari orasida Ozarbayjondan so‘ng 2-o‘rinda qayd etildi. Shu bilan birga, qo‘shni Qozog‘istonda 2024 yilda avariyalar soni ikki barobar oshib, 31 ming 597 ta YTH qayd etilgan.
Toshkent shahridagi svetoforlarni boshqarish borasidagi masalalar xususida Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati rahbari Zoir Yo‘ldoshov quyidagi jihatlarni ta’kidladi:
– Har bir chorrahaning o‘ziga xosligi sababli svetofor signallarining davomiyligi qat’iy emas, aksincha, transport oqimining holati va tirbandlik darajasiga qarab belgilanadi. Ya’ni, chorrahalar ahamiyati va harakat zichligiga qarab, svetoforning yashil va qizil signallari eng minimal oraliq vaqti 15 soniyadan 60 soniyagacha farqlanadi. Bu esa tirbandliklarni samarali boshqarish va harakat xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi.
Aholi orasida radar tizimlari va kameralar aniqligiga doir savollar ham mavjud. Shu sababli, my.gov.uz platformasi orqali haydovchilar qayd etilgan qoidabuzarliklar bo‘yicha shikoyat qilish imkoniyatiga ega. Mazkur platformada fotoma’lumotlar 730 kun, videoma’lumotlar esa 90 kun saqlanadi. Bu jarayon shaffoflik va ishonch darajasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu o‘rinda bir mulohaza: viloyat va shahar markazlarida yo‘llarda maksimal tezlik 60 km/soat qilib belgilanishi yo‘l-transport hodisalarini kamaytirishga yordam berdi, biroq Toshkent shahrida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ham bor. Jumladan, tirbandlikning kuchayishi shahardagi transport oqimini optimallashtirish borasida yanada samarali yechimlarni talab etmoqda. Asosiy vazifa – tezlik cheklovlarining ijobiy va salbiy tomonlarini sinchiklab tahlil qilish, fuqarolarning fikrlari bilan hisoblashish hamda innovatsion texnologiyalar va jamoatchilik fikrini uyg‘unlashtirgan holda uzoq muddatli samarali mexanizmlar ishlab chiqishdir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kelajakda Toshkent shahrining transport boshqaruv tizimini yanada takomillashtirishda sun’iy intellekt va mashinaviy o‘quv texnologiyalaridan keng foydalanish rejalashtirilgan. Ushbu ilg‘or texnologiyalar transport oqimini aniq bashorat qilish, tirbandliklarni kamaytirish va yo‘l infratuzilmasini samarali boshqarishda yangi imkoniyatlar ochishi mumkin.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda jarimalar emas, balki xavfsizlik madaniyatini shakllantirish va haydovchilarning mas’uliyatini oshirish, ayniqsa muhim. Ta’lim va targ‘ibot ishlari orqali aholi ongida xavfsizlik madaniyatini shakllantirish, eng avvalo, inson hayotini saqlash yo‘llarda xavfsiz muhit yaratishning eng samarali usullaridan biridir.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda haydovchilar intizomi muhim, lekin yo‘l infratuzilmasining holati ham katta ahamiyatga ega.
Yo‘l infratuzilmasiga kim javobgar?
2024 yil 19 yanvarda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonuni mahalliy hokimliklar, Transport vazirligi va boshqa tashkilotlarning yo‘l harakati xavfsizligidagi mas’uliyatini belgilaydi. Qonunning 6- va 15-moddalarida nazarda tutilgan tashkilotlar, "yo‘l egalari" yo‘llarning holati uchun ham javobgar.
Ammo amaliyotda ko‘pchilik muammolar uchun faqat YHXX aybdor qilinadi. YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshovning ma’lum qilishicha, 2024 yilda 4927 ta taqdimnoma chiqarilgan bo‘lib, ular yo‘l qoplamasi ta’miri, piyodalar xavfsizligi va tirbandliklarning oldini olish kabi masalalarni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, savol tug‘iladi: yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar sababli sodir bo‘lgan avtohalokatlarda tovon pulini kim to‘laydi?
Agar avariyaga yo‘lning yomon holati sababchi bo‘lsa, javobgarlik faqat haydovchi yoki piyoda zimmasiga tushmasligi kerak.
Yo‘l harakati xavfsizligi faqat jarimalar yoki haydovchilar intizomiga bog‘liq emas. Infratuzilmani yaxshilash, mas’ul tashkilotlarning o‘z vazifalarini lozim darajada bajarishi va tizim shaffofligini oshirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman, Toshkentning transport boshqaruv tizimi o‘zining murakkabligi va samaradorligi jihatidan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun namuna bo‘lishga astoydil intilmoqda. Ayni chog‘da, transport xavfsizligini ta’minlash jarayonida asosiy e’tibor texnologiyalarga emas, balki inson omiliga qaratilishi zarurligi tobora ravshanlashmoqda. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida Toshkent transport tizimi nafaqat xavfsiz, balki zamonaviy va raqobatbardosh infratuzilmaga aylanishi mumkin.
Abduaziz XIDIROV,
O‘zA