
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Buxoro tumanida davlat-xususiy sheriklik asosidagi 226 million dollarlik loyiha doirasida jahon standartlariga mos aeroport barpo etiladi. Bu bilan soatiga 1 ming 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Yo‘lovchi va havo kemalariga servis sifatini oshirish orqali yangi xalqaro aviakompaniyalar jalb qilinadi.
Ayni kunda faoliyat ko‘rsatayotgan Buxoro xalqaro aeroporti aholi va turistlar talabiga javob bermayapti. Mazkur aeroport soatiga 400 nafar yoki yiliga 1 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi, xolos. Parvozlarni boshqarish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tizimlari, kutish-kuzatish zallari qatnovlarni ko‘paytirish imkonini cheklamoqda. Aksariyat sayyohlar Buxoroga kelish uchun Toshkent, Samarqand yoki Urganch aeroportlariga qo‘nishga majbur bo‘lmoqda. Viloyatda mehmonxonalar tarmog‘i, ziyorat turizmi rivojlanib bormoqda. Kelgusi uch yilda Buxoroga turistlar oqimini 10 millionga yetkazish reja qilingan.




Yangi qurilayotgan aeroportda ishlarni jadallashtirishga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov, respublika idoralari mutasaddilari, sohaga daxldor mas’ullar, qurilish-pudrat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Botir Zaripov mutasaddilarga ishchi-xodimlar va texnikalarni ko‘paytirish yuzasidan topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri