
Munosabat

Muhtaram Prezidentimizning inson qadrini ulug‘lash, uning manfaatlarini hurmat qilish, keksalarni e’zozlash, mehr ko‘rsatish, moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borayotgan siyosati, xalqimizning azaliy qadriyatlariga sodiq ravishda amalga oshirayotgan insonparvar islohotlari bugun mamlakatning har bir oilasi, xonadoniga kirib bordi.
Bu bejiz emas, albatta. Chunki millat nuroniylari, keksa avlod vakillari – shu yurtning bebaho boyligi, uning kelajagiga yo‘l ko‘rsatuvchi mayoqdir. Ularning boy hayotiy tajribasi, dono maslahatlari, fidokorona mehnati yosh avlod uchun o‘z o‘rnida ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
E’tirof etish joizki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keksalarning munosib turmush sharoitini yaratish, ularning salomatligini mustahkamlash, faol hayot tarzini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha so‘nggi yillarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlar nafaqat keksalarning turmush darajasini yaxshilashga, balki jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 fevraldagi farmoniga muvofiq, 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari, ularga tenglashtirilgan shaxslar hamda 1941-1945 yillardagi urush davridagi mehnat fronti qatnashchilarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida bir martalik pul mukofoti belgilandi.
Farmonga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 10 000 AQSH dollari miqdorida;
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarning har biriga 25 000 000 so‘m miqdorida;
1941-1945 yillardagi urush davridagi mehnat fronti qatnashchilarining har biriga 3 000 000 so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti berilishi belgilandi.
Endilikda ushbu farmon ijrosi doirasidagi ishlar yosh avlod ko‘z o‘ngida amalga oshirilar ekan, ular bu mamlakatda inson xotirasi azizligi, mardlik va jasorat abadiy unutilmasligi, qahramonlik, vatanparvarlik munosib qadrlanishini guvohi bo‘lib ulg‘ayadi, o‘rganadi. Bugungi kunda safimizda yurgan, o‘sha og‘ir davrni boshdan kechirgan, mardlik, fidoiylik timsoliga aylangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bor ekan, jasorat maktabi tarbiyada davom etadi.
Davlatimiz rahbarining ushbu ehtiromi mohiyatida biz – Vatanni sevish, uni ardoqlash, tinch-osoyishta kunlar hikmatini yanada chuqurroq anglab boramiz.
Darhaqiqat, zamonlar o‘tib, asrlar almashib, insoniyat tarixining buyuk sahifalaridan biri bo‘lgan Ikkinchi jahon urushining dahshatli xotiralari ham unutila boshlagandek. Ammo urushning ma’naviy yo‘qotishlari insonlar qalbida o‘chmas dog‘ qoldirgani haqiqat. Bu dog‘ insonlar orasiga nafrat, adovat, qasos, shafqatsizlik urug‘ini sochdi. Kelajakning ezgulikka, yaxshilikka bo‘lgan ishonchini so‘ndirib, uning ruhini yaraladi. Urush odamlarni bir-biriga nisbatan shafqatsiz, berahm bo‘lishga o‘rgatdi.
Ammo milliy qadriyatlarimiz, dono tariximiz va insonparvar rahbarimiz bor ekan, yoshlar keksa avlodga talpinaveradi, xotiralar yuraklarda e’zozlanaveradi, mehr-muhabbat va oqibat totuv yashayveradi.
Davlatimiz rahbarining ushbu farmoni esa Vatanimiz obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlashga, jamiyatda katta avlodga hurmat va e’tiborni kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Keksalarimiz – bu o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi tirik ko‘prikdir. Ularni e’zozlash nafaqat insoniy burch, balki jamiyat rivojining muhim shartidir. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan islohotlar ana shu haqiqatni yana bir bor isbotlamoqda.
Bahodirjon Shermuhammadov,
Farg‘ona davlat universiteti rektori.
O‘zA