
Munosabat
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda sohadagi muhim vazifalar aytib o‘tildi va bir qator tashabbuslar ilgari surildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov mazkur yig‘ilishda aytilgan vazifalar bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi.

– Sport sohasiga davlatimiz tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda. Videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tilganidek, so‘nggi to‘rt yilda byudjetdan sportga ajratilayotgan mablag‘ 1,5 trillion so‘mdan 3 trillion so‘mga oshdi. Murabbiylarning o‘rtacha maoshi 2 barobar ko‘paydi. 101 ta yirik sport inshootlari qurildi, 67 tasi rekonstruksiya qilindi. Sportchilarimizning Parij Olimpiadasida erishgan yutuqlari bu e’tiborning yorqin natijalari bo‘ldi.
Endi 2028 yilda Los-Anjelesda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarida kuchli o‘ntalikka kirish maqsad qilingan. Buning uchun tayyorgarlikni kuchaytirish, sport federatsiyalarini rivojlantirish zarur. Yig‘ilishda bu masalalar 26 ta sport federatsiyasi va hududlar kesimida tahlil qilindi.
Aholi o‘rtasida boshoqli, donli mahsulot, meva-sabzavotlar iste’moli keskin kamayib, tuz va shakar iste’moli ortib borayotgani xavotirlarni yanada kuchaytiradi. Oqibatda odamlarning 56 foizida ortiqcha vazn, 38 foizida qon bosimi bilan bog‘liq muammo bor. Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar erta o‘limga sabab bo‘lmoqda. Shu bois, “Sog‘lom inson – sog‘lom millat” umummilliy harakati boshlanadi.
Mutasaddilarga sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik targ‘iboti bilan har bir oilani qamrab olish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu yo‘nalishda xalqchil va ta’sirchan ijtimoiy roliklar tayyorlab, har kuni markaziy telekanallarda namoyish etish lozimligi ta’kidlandi.
Umuman olganda, majlisda bu masalalarni qonun darajasida mustahkamlab qo‘yish zarurligi, “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonunni qisqa muddatda tubdan qayta ko‘rib chiqib, bugungi zamon talablariga moslashtirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Majlisda belgilangan ustuvor maqsad va vazifalar ijrosi doirasida deputatlar tegishli vazirlik va idoralar, jamoatchilik bilan hamkorlikda tez kunlarda tegishli qonun loyihasini tayyorlash bo‘yicha zaruriy choralarni ko‘radi.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA