Bu haqda Jamoat transportida yo‘l haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi (ATTO)ning 2024 yil bo‘yicha e’lon qilgan natijalarida ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, 2024 yil davomida jamoat transportlarida bank kartalari orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar soni 146,5 millionga yetgan. Bu 2023 yilga nisbatan 71,5 foizga ko‘proq hisoblanadi.
Bank kartalari orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar transport kartalarini (140 mln. tranzaksiya) ortda qoldirgan. 2023 yilda aksincha, transport kartalari bu borada ustun bo‘lgandi.
Shuningdek, avtobuslarda mobil QR-to‘lovlar 177,4 foizga, metrodagi QR-to‘lovlar esa 157,6 foizga o‘sgan. Toshkent shahrida avtobuslardagi tranzaksiyalar 52,6 foizga o‘sgan. Metropolitenda esa o‘sish biroz pastroq – 11,6 foizni qayd etgan.
Umuman, 2024 yil davomida jamoat transportlaridagi tranzaksiyalar soni 38 foizga o‘sib, 510,5 milliontaga yetgan.
Ma’lumot uchun, Toshkentda 2025 yil 1 yanvardan boshlab avtobuslarda naqd pul qabul qilish amaliyoti to‘xtatildi. Naqd pul orqali avtobuslarda harakatlanish uchun bekatlar yaqinida o‘rnatilgan barcha to‘lov qurilmalari ya’ni, Paynet, MultiPay va Oson infokioskalari orqali bir martalik chipta xarid qilish mumkin bo‘ldi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA