
Iste’dodli yoshlar – yurt kelajagi
Yosh bo‘lsada, hozirdan yuksak marralarga intilayotgan yoshlardan biri Javohir Maqsudov Xorazm viloyatida tavallud topgan. Hozir Urganch shahridagi 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinfida ta’lim oladi.
Javohir hali o‘quvchi bo‘lishiga qaramay, zamonaviy kasblarni o‘rgangan holda o‘qish bilan bir qatorda ishlab daromad topmoqda. U 15 yoshidan zamonaviy kasblarga qiziqib, ITning dasturlash, kopirayting, grafik dizayn, mobilografiya, montajyorlik, vizual piar hamda SMM yo‘nalishlarini mukammal o‘rganishni boshlagan.
– Bir kuni otam uyga qo‘lida noutbuk bilan kirib keldi, –deydi qahramonimiz. –O‘g‘lim, texnika rivojlangan jamiyatda yashayapmiz. Sen kompyuterda bemalol ishlay olishing, agar u buzilib qolsa, bemalol o‘zing tuzatishing lozim, – deya maslahat berdilar. –O‘shanda endigina 9 yoshga qadam qo‘ygan bola edim. Otamning bu maslahati IT sohasini jiddiy o‘rganishimga turtki bo‘ldi. Umuman, otamning barcha o‘gitlariga amal qilaman. O‘z ustimda ishlashdan charchamayman. Chunki, oldimga qo‘ygan maqsadlarim katta. Istaymizmi- yo‘qmi, hayot kurashish, raqobatdan iborat. Bu kurashda albatta aqlli, bilimli, mehnat qilgan g‘olib bo‘ladi.

Ayni vaqtda Javohir zamonaviy kasblarni o‘rganish tufayli kreativ fikrlaydi. Qobiliyati, ijodiy salohiyati sababli “KHISO Olympiads School, “Urganch sohil bo‘yi uylari” qurilish kompaniyasi, “Unify” o‘quv markazi hamda Yoshlar ishlari agentligining Xorazm viloyati boshqarmasida dasturchi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Javohirning o‘z ishiga sidqidildan yondashuvini ko‘rgan ish beruvchilar uni eng zamonaviy texnologiya vositalari bilan ta’minlagan. Uning oylik daromadi 500-600 AQSH dollarini tashkil qilmoqda.
Javohir faqat IT sohasini o‘rganish bilan cheklanib qolmagan. Qahramonimiz ingliz tilidan IELTSga imtihon topshirganida 6,5 ballni qo‘lga kiritganligini ta’kidladi. Hozir Javohir “Westminster” xalqaro universitiga o‘qishga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. Uning maqsadi IT yo‘nalishida yanada chuqur bilimlarga ega bo‘lish, sohaning yangi qirralarini kashf etish va bilganlarini yoshlarga o‘rgatishdir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA