
Vatanimiz tarixidagi 28 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
389 yil (bundan 636 yil oldin) – Amir Temurning piri (ustozi), ulug‘ shayxulislom Zayniddin Abubakr Tayobodiy vafot etdi (ayrim manba va adabiyotlarda ulug‘ shayxning vafoti sanasi sifatida 29 yanvar qayd etilgan). Tayobodiy Shamsuddin Kulol va Sayyid Barakadan so‘ng Amir Temurning uchinchi piri bo‘ldi. “Zubdat ut-tavorix” asarida Hofizi Abro‘ Amir Temurning Xurosonga yurishi paytida – 1381 yilda u bilan uchrashgani haqida hikoya qilgan. Muarrix Fasih Xavofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida ham shunday ma’lumot keltirilgan.
“Temur tuzuklari”da qayd etilishicha, Abubakr Tayobodiy Amir Temurga quyidagi mazmunda maktub yuborgan. Pirim (Abubakr Tayobodiy) menga yozmishlarkim: “Abulmansur Temur, saltanat ishlarida to‘rt narsaga amal qilgin, ya’ni: 1) (o‘zing bilan) kengash; 2) (boshqalar bilan) mashvaratu maslahat ayla; 3) hushyorligu mulohazakorlik bilan qat’iy qaror chiqar; 4) ehtiyotkor bo‘l. Chunki kengash va mashvaratsiz saltanatni barcha qilgan ishlariyu aytgan gaplari xato bo‘lgan johil kimsaga qiyoslash mumkin; uning so‘zlari va qilmishlari boshga pushaymonlik ila nadomat keltirgay. Shunday ekan, saltanatni boshqarishda mashvaratu maslahat va tadbir bilan ish yuritgin, toki oqibatda nadomat chekib, pushaymon bo‘lmagaysan.
Yana shuni ham bilgilkim, saltanat ishlarining bir qismi sabru toqat bilan bo‘lgay, yana bir qismi esa bilib-bilmaslikka, ko‘rib-ko‘rmaslikka solish bilan bitur. (Xullas) tadbirlardan ogoh qilingandan keyin shuni aytish joizdirkim, qat’iylik, hushyorlik, ehtiyotkorlik, shijoat va sabr-chidam bilan barcha ishlar amalga oshirilgay. Vassalom”.
1871 yil (bundan 154 yil oldin) – O‘rta Osiyo olimlari jamiyatining birinchi ochiq majlisi bo‘ldi. Mazkur jamiyat 1870 yilda yuzaga kelgan edi. Bu jamiyat o‘z oldiga O‘rta Osiyo tarixi, geografiyasi, egnografiyasi, statistikasi, iqtisodiyotiga oid ma’lumotlarni to‘plash, ishlash va tarqatishni maqsad qilib qo‘ygan.
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – tarixchi Avaz Yermetovning qayd etishicha, Turkiston o‘lkasi militsiyasini kadrlar bilan to‘ldirish yuzasidan kengash bo‘lib o‘tdi. Kengashda “Turkiston shaxar va tumanlari uchun militsiya kadrlari”ni tashkil etish to‘g‘risidagi Nizom loyixasi muhokama qilindi.
1942 yil (bundan 83 yil oldin) – O‘zbekiston hukumati va O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi 164-sonli qaror qabul qildi. Ushbu qaror frontga sovg‘alar to‘plashni tashkil etish haqida bo‘lib, alohida o‘rnak ko‘rsatgan jangchilarga yakka tartibda ham sovg‘alar tayyorlash kerakligi nazarda tutilgan edi. Ikkinchi jahon urushi yillarida jangchilar uchun O‘zbekistondan sovg‘alar tinimsiz yuborib turildi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – Toshkentda mikologiya va protozoy kasalliklari bo‘yicha O‘rta Osiyoda birinchi ilmiy markaz ochildi.
2000 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent davlat universitetiga «O‘zbekiston Milliy universiteti» maqomini berish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, Vatan va millat taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan jadid ziyolilarimizning buyuk xizmatlarini e’tirof etish, tarixiy haqiqatni tiklash, yoshlar qalbida istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini tarbiyalash, umuminsoniy va milliy ilm-fan qadriyatlarini avlodlar ongiga teran singdirish maqsadida tarixiy hujjatlarga asoslangan xulosa hamda takliflarni inobatga olib, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Toshkent Davlat universitetining asoschilari jadid-ziyolilari, uning tashkil etilgan sanasi esa 1918 yil 12 may deb belgilandi.
Farmonga muvofiq Toshkent Davlat universitetining nafaqat respublikamizda, balki mintaqamizda ham birinchi zamonaviy oliy ta’lim muassasasi ekanini, olimlar va o‘qituvchilar jamoasining fan va ta’lim sohasidagi yuksak salohiyatini, O‘rta Osiyo davlatlarida ta’lim va ilmiy-tadqiqot tizimini shakllantirishdagi muhim o‘rni hamda xalqaro nufuzini nazarda tutgan holda unga “Milliy universitet” maqomi berildi va u Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti deb atalishi belgilandi.
2016 yil (bundan 9 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy mahorat sport maktablari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalari amalga oshirilishi samaradorligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mas’uliyatini oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – «Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat, 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmonga asosan ijtimoiy nafaqa oluvchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslarga kompensatsiya to‘lovi joriy etildi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA