
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan armiya tizimida ta’sis etilgan Amir Temur jangovar bayrog‘i mukofotining bu galgi tanlov g‘olibi Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugi deya e’tirof etilgan edi.
Bayroq ko‘hna va boqiy Buxoroga olib kelindi. Buxoro shahridagi “Universal” sport majmuasida viloyat hokimligi, okrug qo‘mondonligi, barcha kuch tuzilmalari xodimlari, davlat va jamoat tashkiloti vakillari hamda yoshlar ishtirokida Sohibqiron bayrog‘ini tantanali kutib olish marosimi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi.
Tadbirda Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Farhodjon Shermatov Amir Temur jangovar bayrog‘ining mazmun-mohiyati haqida to‘xtalib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan jangovar bayroq bilan berilgan diplomni o‘qib eshittirdi.
[gallery-21428]
Shundan so‘ng, viloyat hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Botir Zaripov Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonligi va barcha buxoroliklarni Amir Temur jangovar bayrog‘i qo‘lga kiritilganligi bilan tabrikladi va bu barcha uchun g‘urur, iftixor ekanligini ta’kidladi.
Har ikki yilda o‘tkaziladigan musobaqalarda Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonligi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, “Amir Temur jangovar bayrog‘i”ga sazovor bo‘lganligi bugun barchamizning qalbimizni quvonchga to‘ldirmoqda.
– Amir Temur jangovar bayrog‘ining bugun Buxoroga keltirilishida chuqur ramziy ma’no ham bor, – dedi viloyat rahbari o‘z tabrigida. Buxoro azaldan buyuk siymolar, ilm-fan namoyandalari, yetuk ulamolarni yetishtirgan zamindir. Buyuk Sohibqironning onalari ham Buxoro farzandi. Qolaversa, Amir Temur bobomiz barpo etgan buyuk saltanatning rivojlanishi, taraqqiy etishida ushbu ko‘hna shaharning o‘rni beqiyosdir. Amir Temur jangovar bayrog‘ining Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugiga berilishi barcha buxoroliklar qalbida cheksiz g‘urur uyg‘otdi. Jangovar bayroqda Sohibqiron bobomizning “Davlat lashkaru fuqarolarning sadoqati va fidoyiligi ila qudratlidir” degan tuzugi yozilganligi, “Temur tuzuklari” asrlar osha avlodlar uchun Vatanga sadoqat, adolat, mardlik va jasurlik namunasi bo‘lib kelayotganligining dalilidir.
Tantanada jamoatchilik va yoshlar vakillari ham so‘zga chiqdi. Shuningdek, teatr ijodkorlari tomonidan tayyorlangan Amir Temur hayotidan parcha namoyishi barchaga yaxshi kayfiyat bag‘ishladi.
Shundan so‘ng harbiy orkestr sadolari ostida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i, Amir Temur jangovar bayrog‘i hamda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirligi bayroqlari sport majmuasi bo‘ylab olib o‘tildi.
Tadbir harbiylashtirilgan ko‘rgazmali chiqishlar, viloyat san’at ustalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi. Tadbirning ikkinchi qismi ko‘hna Ark qo‘rg‘onida davom etdi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/_lFacUDHHxc?si=1hWGdTzvaXKAi5-k" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (video+surat), O‘zA muxbirlari