O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida yengil atletika bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasidagi U18 O‘zbekiston chempionati hamda mamlakat kubogi musobaqalari yakunlandi.
Uch kun davom etgan yilning ilk rasmiy musobaqalarida o‘z yo‘nalishlarida Sh.Davronova, B.Sayfullayeva, S.Lepeshkina, N.Abduvaliyeva, S.Mahmudov, I.Mahkamov, D.Ismoilov, N.Norboyev, O‘.Norboyeva, K.Borusheva, I.Ahmadjonov, E.Rudina kabi sportchilar g‘olib va sovrindorlikka erishdi.

Har ikki musobaqaning yana bir ahamiyatli jihati, bahslar davomida bir qator rekordlar yangilandi. Chempionatda Dilshoda Usmonova 3000 metrga to‘siqlar osha yugurishda 10:39,55 natija qayd etib, o‘tgan yilgi mamlakat chempionatida o‘rnatilgan 10:42,62 ko‘rsatkichni yangilashga muvaffaq bo‘ldi.

Yana bir sportchi Nasima Mamirova 2000 metrga to‘siqlardan o‘tishda 6:51,97 natija ko‘rsatib, 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar, shuningdek, 20 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi oldingi rekordni yangiladi. Aytish lozimki, o‘smirlar o‘rtasidagi avvalgi rekord 2023 yildan buyon Dilshoda Usmonovaga tegishli bo‘lib, 7:11,27 ko‘rsatkichni tashkil etgan.
60 metrga to‘siqlar osha yugurish bahslarida esa (to‘siq balandligi – 91,4 sm) 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida O‘zbekiston rekordini Buxoro viloyati sportchisi Zayniddin Ravshanov 8,12 soniya natija bilan o‘rnatdi.

Chempionat davomida erkaklar o‘rtasidagi 4x400 m estafetali yugurish bahsida 2019 yilgi O‘zbekiston rekordi yangilandi. Ushbu natija jamoaviy turda Namangan viloyati yengil atletikachilari tomonidan o‘rnatildi.
Xuddi shuningdek, 4x200 metrga estafeta bahslarida namanganlik sportchilar Umid Nabiyev, Azizjon Oripov, Azizbek Hoshimjonov va Mardonbek Sotiboldiyev jamoasi O‘zbekiston rekordini qayd etdi. Ushbu jamoa 1:31,10 ko‘rsatkich bilan marraga yetib kelib rekordni 0,24 soniyaga yangiladi. Mazkur rekord 2008 yili Toshkent jamoasi vakillari Igor Goncharov, Ruslan Alimov, Ilyos Samadov va Maksim Lojkinga tegishli edi.

Ushbu natijalar hududlarda ham mahoratli sportchilar yetishib chiqayotganini ko‘rsatmoqda.
Chempionat yakunlariga ko‘ra, U18 O‘zbekiston chempionatida Andijon viloyati sportchilari 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, keyingi pog‘onalardan Buxoro, Farg‘ona, Jizzax, Namangan jamoalari joy olishdi.
Medallar jamg‘arishda Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand viloyati yosh yengil atletikachilari yetakchilik qilishdi.
O‘zbekiston kubogida eng yaxshi natijaga Samarqand viloyati jamoasi erishdi. Keyingi o‘rinlar Toshkent shahri va Farg‘ona viloyati jamoasiga nasib etdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA