23-25 yanvar kunlari O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev va tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyaning Qatarga safari tashkil etildi.
Ushbu davlatdagi elchixonamiz ko‘magida uyushtirilgan tashrif chog‘i mehnat vaziri o‘rinbosari Shayxa Najva bint Abdurahmon Ol Soniy, Tashqi ishlar vazirligi Konsullik departamenti direktori Muhammad bin Abdulloh As-Subaiy, Ichki ishlar vazirligi migratsiya va pasport xizmati rahbari general Muhammad bin Ahmad Ad-Dusariy bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tadbirlar davomida mezbonlar mamlakat mehnat bozorida O‘zbekiston fuqarolari soni oshib borishidan manfaatdorligini ta’kidladi.
Mazkur arab diyoriga vaqtincha ishlash uchun borayotgan fuqarolarimizga ko‘maklashish, ularga munosib ish topish, zarur sharoit yaratish, vizalarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq tartibni soddalashtirish, hamyurtlarimiz haq-huquqini qonuniy asosda ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Agentlik va Qatarning eng yirik "Jusur" rekruting kompaniyasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida bundan buyon malakali mutaxassislarimiz ushbu mamlakatda sog‘liqni saqlash, neft va gaz, mehmonxona va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ish bilan ta’minlanadi. Mahalliy Ichki ishlar vazirligi esa o‘zbekistonliklarga ishchi vizani qisqa fursatda rasmiylashtirib berishga tayyorligini bildirdi.
Ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari Konsullik departamentlari ham muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.
O‘zA