Senatning uchinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani (Dushanbe, 2024 yil 18 aprel) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
– Yon qo‘shnimiz Tojikiston Respublikasi va barcha Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarimiz yuqori darajaga ko‘tarilishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari, ochiqlik va yaxshi qo‘shnichilik siyosatining yutug‘i, deb bemalol aytsak bo‘ladi, - dedi Senat Raisi Tanzila Norboyeva. – Shartnomada mamlakatlarimiz uchun hayotiy muhim ahamiyatga ega bo‘lgan barcha jihatlar qamrab olingan. Ayniqsa, unda bevosita biz – xalq vakillari uchun ahamiyatli bo‘lgan “parlament diplomatiya”sini rivojlantirishga alohida urg‘u berilgani o‘zaro do‘stlik va ishonch rishtalari yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiyaloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi a’zosi Jamila Bobonazarova Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi munosabatlarning yaxshilanishi mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikka salmoqli hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.

O‘zbekistonning tashqi siyosiy faoliyatida mintaqadagi tarixan, madaniyat va iqtisodiyot jihatidan o‘zaro chambarchas bog‘langan qardoshlarimiz, shu jumladan, Tojikiston Respublikasi bilan yaqin qo‘shnichilik va do‘stlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda.
Ta’kidlash kerak, oxirgi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik yangi darajaga ko‘tarildi.
Mazkur Shartnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 18 aprelda Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Dushanbe shahrida imzolangan.
Shartnoma ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yangi – ittifoqchilik darajasiga olib chiqishga qaratilgan.

Ushbu hujjat xalqaro huquq normalariga amal qilgan holda mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish, davlat chegaralarini demarkatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish, suv-energetika sohasida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish, parlament diplomatiyasini rivojlantirish va o‘zaro aloqalarni mustahkamlash kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, iqtisodiy, investitsiyaviy, fan-texnika, madaniyat, ta’lim, sport va turizm sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish, terrorizm, ekstremizm va transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Senatorlar ma’qullagan qonun O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA