Senatning uchinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun yuzasidan munosabat bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva dunyoning ko‘plab mamlakatlari qatori O‘zbekiston yashil taraqqiyot yo‘liga o‘tayotganini ta’kidladi. Iqtisodiyot, ijtimoiy munosabatlar, qonunlar ham shunga moslashmoqda. Bu tabiiy, albatta. Chunki iqlim o‘zgarishlari, demografik jarayonlar, resurslar taqchilligi davrida bundan boshqa yo‘l yo‘q. Bu yo‘lda kutilgan natijalarga erishish, juda ko‘p jihatdan ekologik madaniyat va mas’uliyatga bog‘liq.
Yurtimizda mazkur yo‘nalishda juda ko‘pchilik faoliyat olib bormoqda.

“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvoni – yurtimiz tabiatini asrash, hududlarimizni obod qilish yo‘lida faol va jonkuyarlik bilan mehnat qilayotgan ko‘p sonli hamyurtlarimiz uchun munosib e’tirof va rag‘bat bo‘ladi.
Mazkur masala yuzasidan ma’ruza qilgan Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev barqaror rivojlanishning yangi talablaridan kelib chiqib, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, qulay ekologik muhit yaratish bo‘yicha yangicha yondashuv asosida islohotlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Eng muhimi, so‘nggi paytlarda ekologik masalalarga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarib, uni tartibga soluvchi qonunchilik bazasi takomillashtirilmoqda.
Xalqimizda yangicha ekologik tafakkur, ekologik dunyoqarash shakllanib, aholining ekologik madaniyati yuksalmoqda. Har bir insonda atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissi ortib bormoqda.

Sohani rivojlantirishning konsepsiyasi va uning yo‘nalishlari bo‘yicha strategiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Ekologik barqarorlikni ta’minlashda davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari birgalikda sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda.
Sohada bevosita va bilvosita faoliyat olib borayotganlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning mehnatlarini munosib rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilayotgan faxriy unvon ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini rivojlantirish, tabiatni asrab-avaylash, bio xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash borasida salmoqli natijalarga erishgan fuqarolarga beriladi.
Shuningdek, ushbu unvon bilan ekologik jihatdan toza va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish, yashil hududlarni kengaytirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus ko‘rsatgan, aholining ekologik madaniyatini oshirish, yosh avlodni tabiatga hurmat ruhida tarbiyalash hamda tizimda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash borasida fidokorona mehnat qilayotgan mutaxassis-xodimlar va soha vakillari, ekofaollar ham taqdirlanadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA