Mamlakatimizda alkogol va tamaki bozorini tartibga solishga, alkogol va tamaki mahsulotlarining aylanishi sohasidagi davlat nazoratini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining faoliyati takomillashtirilgani munosabati bilan uning vakolatlarini qonun hujjatlarida aniqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Bu Senatning uchinchi yalpi majlisida “Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida qayd etildi.

– Qonunda alkogol va tamaki bozorini tartibga solishdagi qonuniy asoslar belgilangan, – dedi Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev. – Qonun bilan “Davlat boji to‘g‘risida”, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida” hamda “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunlarga inspeksiyaning vakolatlarini belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

O‘zgartirishlarga muvofiq, iste’mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish, alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi faoliyatiga berilgan litsenziya uchun yillik davlat bojini to‘lashning muddati belgilanmoqda.
Qonun bilan yuridik shaxslar tomonidan pivo va pivo ichimliklarining ulgurji savdosiga doir faoliyati vakolatli organga xabarnoma yuborish yo‘li bilan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, tamaki mahsulotlarining ulgurji savdosiga doir faoliyat vakolatli organga, chakana savdosiga doir faoliyat esa soliq organiga xabarnoma yuborish yo‘li bilan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish sohasida samarali nazorat tizimini joriy etishga qaratilgan.
Senatorlar ma’qullagan qonun mahsulotlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilishiga, biznesni yuritish uchun sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishga, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga hamda qonun normalarini aniq va bir xilda qo‘llanilishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA