
Mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish tizimi “Inson sha’ni va qadr-qimmati uchun” prinsipi asosida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Sud organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, aholining huquqni muhofaza qilish tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Islohotlar natijasida sud-tergov amaliyotida insonning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan samarali mexanizmlar yaratildi.
Senatning uchinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida shu haqda so‘z bordi.
Mazkur masala yuzasidan ma’ruza qilgan Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov qonun islohotlarning mantiqiy davomi ekanini ta’kidladi.

– Qonunda jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud tomonidan ishonchli ta’minlash maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimini joriy etish nazarda tutilmoqda, – dedi A.Eshmurodov. – Shu bilan birga, tergov sudyalari tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yuritish bosqichida protsessual qarorlarga sanksiya berish va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish masalalarini qonunchilikda belgilash maqsadida qonun bilan tergov sudyalarining vakolatlari jumlasiga kiritilgan ishlarni ko‘rib chiqish asoslari hamda tartibini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA