O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Shuhrat” medali sohibi, filologiya fanlari nomzodi Gulandom Tog‘ayevaning “Ishq handasasi” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Gulandom Tog‘ayeva she’riyati zo‘r iztirobi, samimiyatga yo‘g‘rilgani, darveshona ruhi bilan muxlislar e’tiborini qozongan. Shoiraning "Ishq handasasi" she’riy to‘plamidan uning turli yillarda yozilgan eng sara she’rlari o‘rin olgan. Uning she’rlarida beg‘uborlik, jo‘shqinlik, teran mung, ishq, o‘zbek qizining ibo-hayosi, andishasi, bir so‘z bilan aytganda, nozik qalb jozibasi bor bo‘yi bilan namoyon bo‘ladi. Beg‘ubor tuyg‘ular jilosi, betakror ohang harorati adabiyot ixlosmandlarini befarq qoldirmaydi.
Shoiraning ushbu kitobi “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan bo‘lib, unga Shuhrat Azizov muharrirlik qilgan.
Gulandom Tog‘ayevaning “Ajdodlar xazinasi”, “Shukrona”, “Ilm qudrati”, “Saodatli umr”, “Umrboqiy qo‘shiqlar”, “Siz sog‘ingan qo‘shiq”, “Xalq vijdoni”, “Ma’naviyat darg‘alari”, “Chirog‘i yoniq uy” kabi bir qancha teleloyihalari tomoshabinlar e’tiborini qozongan.
Shuningdek, “Chaqmoq xo‘rsiniqlari”, “Muhabbat asri”, “Men izlagan kema”, “O‘n yetti yoshlilar mamlakati”, “Suvaydoga yo‘l”, “Ishq handasasi” kabi she’riy to‘plamlari nashr qilingan.
[gallery-21417]
“Matbuot va tasavvuf”, “Ezgulikning badiiy in’ikosi”, “Milliy tafakkur poetikasi qirralari” kabi risolalari, “Tasavvuf adabiyotining o‘zbek matbuotida yoritilish masalalari”, “Tasavvuf adabiyoti va Farididdin Attor ijodi” nomli 2 ta monografiyasi, “Tabiiy fanlarning zamonaviy konsepsiyasi” nomli darsligi va boshqa ko‘plab o‘quv qo‘llanmalari chop etilgan.
Tadbirda Chirchiq davlat pedagogika universitetining “Mushoira” klubi ishtirokchilari tomonidan adabiy-badiiy kompozitsiya namoyish etildi. Shoira Gulandom Tog‘ayeva yig‘ilganlarga yangi kitobini tuhfa qildi.
N.Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA