
Senatning uchinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jonli ijro san’atini yanada rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qizg‘in muhokama qilindi.
Mazkur qonun bilan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

– So‘nggi besh yilda madaniyat va san’at sohasiga oid 4 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 35 ta farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 98 ta qarori va farmoyishlari qabul qilinadi. Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar mamlakatimizda ma’naviy muhitni yuksaltirish, madaniyat va san’at sohasini yanada taraqqiy ettirish, soha boshqaruv tizimini takomillashtirish, ijod ahlining mehnatini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda, – dedi Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova.
Qo‘mita raisining ta’kidlashicha, madaniyat vazirligining jonli ijro san’atini rivojlantirish, san’atkor, ijodkor hamda ijrochilarni qo‘llab-quvvatlashga oid bir qator vakolatlari belgilanmoqda. Jumladan, davlat madaniy konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda jonli ijro yoki fonogrammadan foydalanish darajasini hamda usullarini belgilash, ijrochilar tomonidan fonogramma va mualliflik asarlaridan foydalanishda amaldagi qonunchilikka rioya etishlarini monitoring qilish hamda milliy san’at va madaniyat nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Yangi normalarning amaliyotga joriy etilishi musiqa sohasi yanada rivojlanishiga, yangi iste’dodlar kashf etilishiga, o‘zining haqiqiy jonli ovozi bo‘lgan xonandalar va sozandalar faoliyati keng rag‘batlantirilishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, qonun bilan konsert-tomosha tadbirining dasturida ijrochilar va asar mualliflari ko‘rsatilishi shart ekani hamda konsert-tomosha tadbiri reklamasida fonogrammadan foydalanish darajasi to‘g‘risidagi axborot umumiy reklama maydoni (sathi)ning kamida o‘n foizini tashkil etishi to‘g‘risidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bu tomoshabinlarning o‘z tanlovini ongli ravishda qabul qilishiga yordam beradi. Qaysi xonanda aytyapti, kim musiqasini yozgan, qanchalik jonli, qanchalik fonogramma – hammasi aniq va shaffof bo‘ladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Umidjon Qurbonov, Nosir Haydarov (surat), O‘zA