
Munosabat
Sir emas, insoniyat oldida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish, bioxilma-xillikni asrash va ekologik muammolarni hal etish kabi muhim vazifalar turibdi. Global iqlim o‘zgarishi sharoitida umuminsoniy manfaatlar uchun ekologik barqarorlikni ta’minlash hayotiy zaruratga aylanmoqda.
Tabiiy muvozanatni saqlash va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan bir qator tashabbuslar ilgari surildi. Ushbu tashabbuslar xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlanib, O‘zbekistonning nufuzini yanada mustahkamlamoqda. Jumladan, Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida jahon hamjamiyatini Orol dengizi qurishi oqibatlarini yumshatishga chaqirdi. 2020 yilda BMT Bosh Assambleyasi Orolbo‘yi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar mintaqasi deb e’lon qilish bo‘yicha rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi. Bu hujjat orqali mintaqada ekologik holatni yaxshilash va aholi turmush sharoitini oshirish maqsadida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, investitsiyalar jalb qilishga zamin yaratildi.
Darhaqiqat, Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan BMTning Orolbo‘yi hududi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast fondi og‘ir ekologik sharoitda yashayotgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatishga qaratilgan. Shuningdek, Orol dengizining qurigan tubida ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida ikki million gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari yaratildi va bu ishlar yanada kengaytirilmoqda.
2023 yili Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lgan COP28 sammiti va 2024 yili Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyada Prezidentimiz iqlim o‘zgarishini yumshatishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
2025 yil – “Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili”, deb e’lon qilinishi esa yurtimizda ekologik muammolarni hal etish, bioxilma-xillikni muhofaza qilish, aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan ishlar ahamiyatini yanada oshirmoqda.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekish, yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, aholi salomatligini yaxshilash kabi chora-tadbirlar belgilangan. Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish va suv resurslarini tejashga qaratilgan “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish tadbirlari yo‘lga qo‘yiladi.
Aslida bu kabi islohotlarning barchasi, avvalo, aholi ongida ona-tabiatga ehtirom bilan yondashish va kelgusi avlodlarga uni qadrlash sabog‘ini yetkazish bilan barobar desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Buning uchun biz faoydalanayotgan tabiat ne’matlarining insoniyat hayotidagi o‘rnini anglab yetish va shu ne’matlarsiz qolinganda odamzot boshiga tushadigan qiyinchiliklarni tasavvur etishning o‘zi kifoya.
Ko‘p hollarda bir tomchi suvning estetik zavqini tuyishga uringan inson uni e’zozlash haqida nimalar qilish kerakligini unutib qo‘yadi. Turli dam olish maskanlari, qir-adirlardagi musaffo havoni qumsaymizu aslida uni o‘z hovlimiz, mahallamizda ham shakllantirish uchun daraxtlar ekishimiz mumkinligiga e’tibor qilmaymiz.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ekologik maqsadlari doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yurtimizda barqaror taraqqiyot va ekologik osoyishtalikni ta’minlashiga shubha yo‘q. Ayni maqsadlarga hamohanglik esa har birimizning fuqarolik vazifamiz sanaladi.
Atrof-muhit obodligini saqlash, tabiatni muhofaza etishda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning mas’uliyatini oshirish juda muhimdir. Buning huquqiy asosi sifatida O‘zbekiston Respublikasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining 49-moddasida har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega, davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi deb belgilab qo‘yilgan.
Shu o‘rinda, dunyoda ro‘y berayotgan oziq-ovqat inqirozining asl kelib chiqishiga ham aynan ekologik vaziyatlar sabab bo‘layotganini ham unutmaslik lozim. Bugungi kunda dunyoning deyarli barcha davlatlari uchun bu muammo eng muhim masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Ma’lumot o‘rnida eslatadigan bo‘lsak, 2020 yilda boshlangan koronavirus pandemiyasi va uni bartaraf etish sharoitida ayni masala kun tartibiga chiqqan edi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, yer yuzi aholisi soni “geometrik progressiya” bo‘yicha ortib bormoqda, afsuski, ularning ehtiyoji “arifmetik progressiya” bo‘yicha qondirilmoqda. 2022 yilda jahon aholisining 815 million nafari ochlik bilan kurashgan bo‘lsa, 2050 yilga borib bu raqam 2 milliard kishiga yetishi taxmin qilingan.
Shu kabi dolzarb tahlillar ilgari surilgan davrda yurtimizda tabiat bilan oshno bo‘lib yashash insoniyat uchun eng to‘g‘ri tanlov ekani yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, o‘ylaymizki, samarasiz qolmaydi.
Ziyodullo XIDIROV, yuridik fanlar nomzodi.
O‘zA