
Munosabat
Hozirgi kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2025 yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinmoqda.

Davlat dasturidan o‘rin olgan beshta asosiy yo‘nalishda har bir insonga o‘z imkoniyatini yuzaga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish, ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgan maqsadlar qamrab olingan. Loyihada barcha sohalar singari ta’lim sohasida ham bir qator ustuvor vazifalar belgilangan. Poydevor qanchalik mustahkam bo‘lsa, kelajagimiz shunchalik barqaror bo‘ladi. Bu borada davlat dasturi loyihasida bir qator maqsad-vazifalar belgilangan.
Jumladan, oliy ta’limda davlat granti o‘rinlarini bosqichma-bosqich oshirish hisobiga aniq va tabiiy fanlar, muhandislik, texnika va tibbiyot kabi yo‘nalishlarda davlat buyurtmasi 25 mingtaga yetkazilishi belgilangan. Bu bilan ushbu sohalarga yoshlarning qiziqishini yanada oshirishga erishiladi. Bundan tashqari, respublikamizning har bir shahar va tumanida bittadan inklyuziv ta’lim olish imkoniyatlari yaratilgan maktabni tashkil etish vazifasi belgilab berilgan.
Shuningdek, Davlat dasturida tadbirkorlik sub’ektlariga “yashil tadbirkor” maqomini berish ham ko‘zda tutilgan. Yashil tadbirkor bo‘lish nafaqat imtiyozlarga balki inson farovonligiga xizmat qilish bilan ahamiyatlidir.
Dasturda Orolbo‘yi mintaqasiga ham e’tibor qaratilgan. Jumladan, Orol dengizi tubida 100 ming gektar yangi yashil maydon yaratilishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida sho‘r va suvsizlikka chidamli o‘simlik bog‘lari tashkil etilishi, “Bir million yashil oila” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yilishi ekologik muammolarni hal qilishga, aholi sog‘ligi va turmush sifatini oshishiga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Davlat dasturi loyihasi partiyamizning dasturiy maqsadlari bilan har tomonlama hamohangdir. Umuman, dastur loyihasidagi har bir yo‘nalish va maqsad bugunimiz va ertamiz uchun dolzarb hisoblanadi. Shunday ekan, biz xalq vakillari dasturdan o‘rin olgan vazifalar ahamiyatini aholiga yetkazishda faol bo‘lmog‘imiz lozim.
Guljan Xalmuratova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA