Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligi oshirilib, mahalla instituti aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylandi.
Ayni paytda tizimning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar davom ettirilmoqda.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida shu haqda gap bordi. “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida mahalla instituti maqomi Konstitutsiya darajasida mustahkamlangani qayd etildi.
Buning mazmun va mohiyati shundan iboratki, endilikda davlatning ijtimoiy siyosati tuman yoki shahardan emas, balki mahalladan boshlanadi. Chunki yangilangan Konstitutsiyaga binoan O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani, uning bu boradagi siyosati aynan mahalladan boshlanishi mantiqan to‘g‘ri.

Oxirgi yetti yilda mahalla institutini takomillashtirish davlatning diqqat-e’tiborida bo‘lib, bu borada o‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, aynan mahalla tizimini takomillashtirishga qaratilgan 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.
O‘z navbatida, senatorlar fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish, shuningdek, bo‘shab qolgan o‘rinlarga saylangan fuqarolar yig‘inlari raislari faoliyati kafolatlarini mustahkamlash zarurati yuzaga kelganini ham qayd etib o‘tdi.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazkur masalalarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonunda fuqarolar yig‘ini raisi vakolatlari muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirilib, bo‘shab qolgan o‘rinlarga fuqarolar yig‘inlari raislarini 5 yil muddatga saylash, shuningdek, fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalarining vakolatlariga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Muhokamada mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi fuqarolar yig‘inlari raislari faoliyatini hamda fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar ishini samarali tashkil etishga xizmat qilishi alohida aytib o‘tildi.
Shuningdek, qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirish saylovni tashkil etish va o‘tkazish borasida hududlardagi mas’ul rahbarlarning mas’uliyatini oshiradi hamda bo‘shab qolgan o‘rinlarga fuqarolar yig‘ini raisi saylovi o‘z vaqtida o‘tkazilishini ta’minlaydi.
Senatorlar, mahalliy kengashlarning Korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash va huquqiy masalalar bo‘yicha doimiy komissiyalari raislari, qo‘mita ekspertlari, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlis yakunida ko‘rilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA