
Munosabat
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Davlat dasturi loyihasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 5 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha 2025 yil uchun amaliy chora-tadbirlar, normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va har bir yo‘nalish kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilgan.
E’tirof etish lozimki, Davlat dasturi loyihasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida belgilangan vazifalar va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan.
Xususan, davlat dasturining to‘rtinchi yo‘nalishi amaliy chora-tadbirlar loyihasining 29-bandida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyatini inson manfaatlari, qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirish maqsadida avtomobil yo‘llarida transport vositalarini erkin va xavfsiz harakatlanishini ta’minlash nazarda tutilgan. Bunda respublika bo‘yicha barcha tartibga solingan chorrahalarga intellektual transport tizimlarini o‘rnatish va yagona raqamli boshqaruv tizimini joriy etish belgilangan.
Bu chora-tadbirlarning davlat dasturi loyihasida ilgari surilishi bejiz emas, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida jiddiy oqibatlar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarini kamida 50 foizga kamaytirishga erishish vazifasi belgilangan.
Ta’kidlash lozimki, 2023 yilda sodir etilgan 9 839 ta yo‘l-transport hodisasi oqibatida 9209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 282 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Eng achinarlisi, 2023 yilda bolalar bilan bog‘liq 1 794 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola halok bo‘lgan.
Shu sababli intellektual transport tizimlarini o‘rnatish va yagona raqamli boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Haydovchilar, piyodalar va transport tizimlari uchun xavfsiz, samarali va ekologik toza muhit yaratish dolzarb masalaga aylandi. Bunday sharoitda Intellektual transport tizimlari yo‘l harakatini boshqarishning zamonaviy yechimlaridan biri hisoblanadi.
Intellektual transport tizimlari, bu zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda yo‘l harakatini boshqarish, xavfsizlikni oshirish va transport infratuzilmasidan samarali foydalanishga qaratilgan tizimdir. Bunda yo‘lovchilar, haydovchilar va transport xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun bir qator qulayliklar yaratish maqsad qilingan.
Jumladan, intellektual transport tizimlari haydovchilar va piyodalar uchun real vaqtda ma’lumot taqdim etadi. Masalan, yo‘llardagi avariyalar, tezlik cheklovlari, yo‘l ta’miri yoki havo sharoitlari haqida ogohlantirish orqali yo‘l-transport hodisalari kamaytiriladi.
Intellektual svetoforlar va trafik boshqaruv tizimlari orqali tirbandliklarning oldini olishga yordam beradi. Yo‘ldagi yuklanish darajasiga qarab svetoforlar vaqtni avtomatik tarzda sozlaydi.
Bundan tashqari, intellektual transport tizimlari yoqilg‘i sarfini va havo ifloslanishini kamaytirishga xizmat qiladi. Transport vositalari oqimini moslashtirish orqali transport chiqindilari miqdori qisqaradi.
Shuningdek, elektron to‘lov tizimlari orqali yo‘l to‘lovlari, avtoturargoh xizmatlari va jamoat transportidagi chiptalarni osonlashtiradi. Bu vaqtni tejash va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga yordam beradi.
Albatta, bu chora-tadbirlar nafaqat yo‘l harakati xavfsizligi va samaradorligini oshirish, balki mamlakatning iqtisodiy va ekologik rivojlanishiga ham o‘z hissasini qo‘shadi.
Intellektual transport tizimlari kelajak transport infratuzilmasining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ular yo‘l harakatini samarali boshqarish, xavfsizlikni oshirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonda ushbu texnologiyalarni rivojlantirish va amaliyotga tatbiq etish orqali zamonaviy, qulay va xavfsiz transport muhiti yaratish mumkin.
I. HAKIMOVA,
“Taraqqiyot strategiyasi”
markazi bosh mutaxassisi.
O‘zA