2025 yilda O‘zbekistonda magistral elektr tarmoqlari orqali 76 milliard 100 million kilovatt soat elektr energiyasini uzatish maqsadi qo‘yilgan. Bu haqda 16 yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Mahfuza Suvonova ma’lum qildi.
Unda ta’kidlanishicha, 2024 yilda mazkur tashkilot o‘z rejalarini to‘liq bajargan. Xususan, magistral elektr tarmoqlari orqali 74 milliard kilovatt soat elektr energiyasi uzatildi, reja 100 foizga bajarildi.
Elektr energiyasini tejash maqsadida 20 million 700 ming kilovatt soat energiya saqlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 25 million 900 ming kilovatt soat energiya tejaldi va reja 117 foizga uddalandi. Shuningdek, 763 megavatt quvvatli 2 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 1 500 megavatt quvvatli 3 ta shamol elektr stansiyasi magistral tarmoqqa ulandi.
2025 yilda esa elektr tarmoqlarini yanada ishonchli qilish uchun bir qator chora-tadbirlar belgilangan. Bu yilda 76 milliard kilovatt soat elektr energiyasini uzatish, elektr energiyasi iste’molini qisqartirish, yangi elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarni ishga tushirish rejalashtirilgan.
2025 yilda 1350 megavatt quvvatli 4 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 100 megavatt quvvatli 1 ta shamol elektr stansiyasi tarmoqlarga ulanishi kutilmoqda.
Shuningdek, 316 ta transformator va 1719 ta elektr qurilmasi ta’mirlanib, 6029 kilometrdan ortiq havo tarmog‘i ta’mirlanadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA