Vatanimiz tarixidagi 16 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1885 yil (bundan 140 yil oldin) – Rossiya bog‘dorchilik jamiyatining Turkiston bo‘limi nizomi tasdiqlandi. 1895 yilda ushbu bo‘lim Turkiston qishloq xo‘jaligi jamiyati sifatida qaytadan tashkil etildi. Shu o‘rinda Turkiston general-gubernatorligida tuzilgan bunday ilmiy jamiyatlar avvalo imperiyaning manfaatlari va mustamlakachilik siyosatini mustahkamlash vositasi sifatida tashkil etilganini ham aytish lozim.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Turon diyorida bog‘dorchilik qadimdan rivojlangan. Turon ko‘pgina meva turlarining vatani hisoblanadi. Turondagi bog‘dorchilik haqida dastlabki yozma ma’lumotlar miloddan avvalgi birinchi mingyillikning o‘rtalariga oid yunon, xitoy, rim manbalarida uchraydi. Bundan tashqari, arxeologik topilmalar ham yozma manbalardagi ma’lumotlarni to‘ldiradi.
1906 yil (bundan 119 yil oldin) – ommaviy-ijtimoiy, adabiy yunalishda nashr etilgan “Samarqand” gazetasi Rossiya imperiyasi senzurasi tomonidan yopildi. U 1904 yilning 1 mayidan boshlab nashr etila boshlangan edi. Biroq yopilganidan ko‘p o‘tmay, noshirlari tomonidan katta jarima to‘lanib kundalik nashr – “Zarafshon” nomi bilan qayta chop etila boshlandi.
1931 yil (bundan 94 yil oldin) – o‘zbek rejissyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston xalq artisti Shuhrat Abbosov tavallud topdi (vafoti 2018 yil). “Mahallada duv-duv gap” kinokomediyasi (1960) uning ilk yutug‘i bo‘ldi. U “Sen yetim emassan”, “Toshkent – non shahri”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Otamdan qolgan dalalar” kabi ko‘plab mashhur filmlarni yaratdi. Shuhrat Abbosov 1994 yilda “Shuhrat” medali va 1998 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
1945 yil (bundan 80 yil oldin) – harbiy arbob, general-mayor Sobir Rahimov diviziyasi dushmanning Grudzyondzdagi guruhlarini tugatish uchun jang boshladi. Bu jangda 5 ming fashist asirga olindi. Fashistlarning eng saralangan qismlari joylashgan bu qal’a uchun jang 16 yanvardan boshlab 40 kun davom etdi. Qal’a olinganidan so‘ng, Moskvadan diktor Levitan Oliy Bosh Qo‘mondonning Sobir Rahimov gvardiyachilari sharafiga to‘plardan bir yula 20 marta o‘q uzib, salyut berishi haqidagi buyrug‘ini o‘qib eshittirdi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – Atlantika okeanida, G‘arbiy Afrika sohili yaqinidagi Yashil Burun orollarida joylashgan Kabo-Verde Respublikasi, Yevropaning janubi-g‘arbida, Pireney yarim orolida joylashgan Portugaliya Respublikasi hamda Shimoliy Yevropada, Skandinaviya yarim orolining sharqiy qismidagi Shvetsiya Qirolligi O‘zbekiston Respublikasi suverenitetini tan oldi.
1995 yil (bundan 30 yil oldin) – O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatildi. Sloveniya O‘zbekistonning davlat mustaqilligini 1991 yil 27 dekabrda tan olgan. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, 2024 yil oktyabrda Oybek Shaxavdinov O‘zbekistonning Sloveniyadagi birinchi elchisi etib tayinlandi.
2001 yil (bundan 24 yil oldin) – yurtimizda O‘zbekiston – Yaponiya markazi tashkil etildi. Mazkur markaz O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash maqsadida tuzilgan. O‘zbekiston Respublikasida Yaponiyaning iqtisodiy rivojlanish tajribasiga asoslangan maxsus o‘quv dasturlarini o‘tkazish, Yaponiyada tanlov asosida O‘zbekiston mutaxassislarining iqtisodiy o‘quvini tashkil etish, Yaponiya va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi madaniy va gumanitar aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga ko‘maklashish markazning asosiy vazifalari hisoblanadi.
2002 yil (bundan 23 yil oldin) – O‘zbekistonda jahon ta’lim standartlari talablariga muvofiq oliy ma’lumotli yuqori malakali kadrlar tayyorlashni tashkil etish, qobiliyatli yoshlarning salohiyatini yuzaga chiqarish va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ulardan samarali foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish, rivojlangan mamlakatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Toshkent shahrida Xalqaro Vestminster universiteti tashkil etildi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi