Vatanimiz tarixidagi 15 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1409 yil (bundan 616 yil oldin) – Hirotga Xitoy hukmdoridan elchilar keldi va Amir Temurning o‘limi munosabati bilan Min imperiyasi nomidan Shohrux Mirzoga ta’ziya izhor etdi. Abdurazzoq Samarqandiyning “Ikki baxtli yulduzning porlashi va ikki dengizning qo‘shilishi” asarida bu haqda “Shohrux ularga nisbatan ko‘p marhamatlar ko‘rsatib, so‘ng qaytishlariga ijozat berdi”, deb yozilgan.
1432 yil (bundan 593 yil oldin) – qirchillama qishda Mirzo Ulug‘bek boshiga musibat tushdi – uning yosh farzandi Mirzo Abdurahmon to‘satdan vafot etdi. Ulug‘bek bu o‘g‘lini juda sevar, katta umidlar bilan o‘stirayotgan edi. Mirzo Abdurahmon ko‘p jihatlari bilan otasiga o‘xshab ketardi.
1910 yil (bundan 115 yil oldin) – geolog olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi G‘ani Mavlonov tavallud topdi (vafoti 1988 yil). U zilzilalar jarayonida yer osti suvlari va gaz tarkiblarining o‘zgarishi haqidagi ilmiy kashfiyot muallifi hisoblanadi.
1910 yil (bundan 115 yil oldin) – shoir Sulton Jo‘ra dunyoga keldi (vafoti 1943 yil). Shoirning mashhur italyan astronomi, inkvizitsiya tomonidan gulxanda yoqib yuborilgan Jordano Brunoga bag‘ishlab 28 yoshida yozgan “Bruno” dostoni 30-yillarda yaratilgan o‘zbek dostonlarining eng yaxshi namunalaridan hisoblanadi. Ikkinchi jahon urushida qatnashgan Sulton Jo‘ra urushda halok bo‘lgan. Shoirning jasadi Belarusdagi Gomel shahri Loyev tumani Kozerogi qishlog‘ida dafn etilgan.
1912 yil (bundan 113 yil oldin) – bolalar shoiri, dramaturg, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Shukur Sa’dulla tavallud topdi (vafoti 1972 yil). U o‘zbek xalq ertaklari syujeti asosida “Yoriltosh” musiqali dramasi va librettosini yaratgan.
1914 yil (bundan 111 yil oldin) – Samarqanddagi Xalq uyida “Padarkush” spektakli birinchi marta namoyish etildi. Adabiyotshunos olim, akademik Naim Karimovning qayd etishicha, bu o‘zbek xalqining madaniy hayotida ulkan voqea bo‘ldi. Shu kuni o‘zbek milliy teatri dunyoga keldi. Behbudiy birinchi o‘zbek dramasining muallifigina bo‘lib qolmay, uni sahnalashtirishda ikkinchi rejissyor sifatida ham ishtirok etdi. Asarda o‘qimagan bolaning padarkushga – otasining qotiliga aylanish jarayoni tasvirlanar ekan, Behbudiy ilm-fanning shaxsning qanday inson bo‘lib shakllanishidagi rolini ko‘rsatib berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan edi.
Naim Karimovning yozishicha, asardagi o‘qimagan bola minglab o‘zbek bolalarining birigina emas, balki ma’rifatdan bebahra qolib kelayotgan o‘zbek xalqining jonli timsoli ham. Behbudiy shu xalqqa murojaat etib, “Agar siz o‘qib, ilmli-ma’rifatli xalq bo‘lmasangiz, o‘zingizning qadr-qimmatingizga yetmasangiz, ota-bobolarimizdan qolgan muborak o‘lkaning bundan keyin ham xonavayron bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lasiz”, degandek bo‘ladi. Teatrni ibratxona, va’zxona deb bilgan adib teatr orqali xalq ommasiga ta’sir o‘tkazmoqchi, uning ongiga, miyasiga millat, Vatan, hurriyat haqidagi tushunchalarni singdirmoqchi bo‘ldi.
“Padarkush” dramasi tez orada Turkistonning ko‘pgina shaharlarida namoyish etilib, yangi san’at turining katta istiqbolga ega ekanidan darak berdi. Behbudiy asardan tushgan mablag‘ning sarf-xarajatdan ortgan barcha qismini jadid maktablari foydasiga o‘tkazdi. Va shu fakt bilan ham hayotining birdan-bir maqsadi o‘zbek xalqini ma’rifat manzillari orqali milliy taraqqiyot dovonlariga yetaklash ekanini isbot qildi.
1925 yil (bundan 100 yil oldin) – SSSR Xalq Maorif Komissarligi Bosh fan idorasi O‘rta Osiyo kollegiyasining majlisida O‘zbekistonning Buxoro, Samarqand va boshqa shaharlaridagi yodgorliklarni qo‘riqlashga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Shu jumladan, Ulug‘bek madrasasini tiklash masalasi ham muhokama qilindi.
1929 yil (bundan 96 yil oldin) – O‘zbekiston hukumati qaroriga asosan Katta yo‘llar va tosh yo‘llar bosh boshqarmasi tashkil etildi.
1936 yil (bundan 89 yil oldin) – Xorazmda birinchi radioeshittirish amalga oshirildi. Xorazmni radiolashtirish masalasi birinchi marta 1928 yilda ko‘tarilgan va 5 yillik reja tuzilib, unga ko‘ra birinchi navbatda 200 ta qattiq tovush chiqaruvchi karnaylar o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Shulardan 130 tasi qishloqlarda o‘rnatilishi lozim edi.
Tarixchi Gulchira Xusainbekovaning yozishicha, ana shu maqsadlar uchun 96 ming 802 rubl ajratildi. Xorazm okrug qo‘mitasining 1936 yil 3 yanvardagi qaroriga ko‘ra Xorazmda radio qo‘mita tashkil qilindi. Radiouzellar tashkil etilib, tuman markazlarida radiolar soni ko‘paytirildi.
1938 yil (bundan 87 yil oldin) – Buxoro, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent va Xorazm viloyatlari tashkil etildi.
1948 yil (bundan 77 yil oldin) – O‘zbekiston hukumatining «Chet tili o‘qituvchilari tayyorlashni tashkil etish haqida»gi qarori qabul qilindi. Qarorda Toshkent pedagogika instituti hamda Toshkent kechki pedagogika instituti chet tillar fakultetlarida mahalliy yoshlardan chet tillar bo‘yicha o‘qituvchi kadrlar tayyorlash yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tilgan.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston va Germaniyaning 250 dan ortiq olim va ekspertlari O‘zbekiston Respublikasining Berlindagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan «Buyuk ipak yo‘lining merosi – O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘prik» mavzusidagi media tadbirda ishtirok etdi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasini ilmiy tadqiq qilish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “Kriminologiya sohasida ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi