Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Pskem daryosida “Yuqori Pskem GTES“ va “Xo‘jakent GTES“ qurilishiga doir investitsiya loyihalari amalga oshiriladi.
Ushbu Gidro to‘plash elektr stansiyasi loyihalari Markaziy Osiyodagi ilk tajriba bo‘lib, ular elektr energiyasi ta’minoti barqarorligini oshirish, ayniqsa, yuqori yuklamali paytlarda elektr ta’minotidagi uzilishlarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
Mazkur GTES loyihalarining ahamiyati haqida “O‘zbekgidroenergo” AJ istiqbolli rivojlantirish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Behzod Komiljonov quyidagicha gapirib berdi:
– “O‘zbekgidroenergo” AJ rahbariyati ushbu loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, amaliy kelishuvlarga erishmoqda.
Joriy yilning 6-10 yanvar kunlari “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib, “China Southern Power Grid International Co Ltd” (CSGI), “China Southern Grid” va “Huaneng” kabi yirik gidroenergetika kompaniyalari bilan muzokaralar olib bordi.
Natijada “Yuqori Pskem GTES” loyihasini 2025 yil mart oyida boshlashga kelishildi va bu Markaziy Osiyodagi birinchi GTES sifatida tarixiy ahamiyat kasb etishi kutilmoqda. Shuningdek, “Xo‘jakent GTES” loyihasi bo‘yicha ham muhim kelishuvlar imzolandi va uning qurilishi 2025 yilda boshlanadi.
Ta’kidlash kerakki, Gidro to‘plash elektr stansiyasi(GTES) – energiya saqlash va ishlab chiqarish rejimlarida faoliyat ko‘rsatuvchi maxsus elektr stansiyasidir. GTESlarda elektr energiyasini suvning potensial energiyasiga aylantirish orqali saqlash va zarur bo‘lgan paytda qayta ishlab chiqarish mumkin. Bu stansiyalarning gidrotexnik inshootlari ikki suv havzasidan va suv o‘tkazish quvurlaridan tashkil topadi. Energiya saqlash mexanizmi orqali bu stansiyalar kunning tig‘iz (pik) davrida energiyani ishlab chiqaradi va tarmoqlarga uzatadi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari – shamol va quyosh stansiyalarining qurilishi kengayib borayotgani sababli, ortiqcha energiya shakllanishi ehtimoli bor. Bu ortiqcha energiyani GTES ob’ektlari nasos rejimida saqlab, “pik“ paytlarida ishlatish mumkin. Bu, o‘z navbatida, elektr energiyasining uzluksiz ta’minoti va energiya tizimidagi barqarorlikni ta’minlaydi.
GTESlar ishga tushirilishi tufayli sovuq va issiq mavsumlarda elektr ta’minotidagi uzilishlarga barham beriladi. Bu nafaqat gidroenergetik salohiyatimizni yanada mustahkamlash, balki energiya ta’minotini barqarorlashtirish, elektr uzilishlarini kamaytirish va elektr energiyasini samarali taqsimlash imkoniyatini beradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/6ETVd3bLG_M" title="Mamlakatimizda elektr energiyasini samarali taqsimlash imkoniyati yaratiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Nasiba Ziyodullayeva, Doniyor Yoqubov (video), Anvarxo‘ja Ahmedov (video-montaj), O‘zA