Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan 2025 yil respublikamizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”, deb e’lon qilindi. Bu qaror zamirida ona tabiatning musaffoligini oshirish va zaminimizni kelajak avlodga kam-ko‘stsiz yetkazishdek ezgu g‘oya mujassam. Zero, dunyo bo‘ylab iqtisodiy, ekologik va geosiyosiy muammolar ko‘payib borishi asnosida qayta tiklanadigan energiya manbalarini kengaytirishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Aholi soni tez o‘sishi, davlat byudjeti cheklanishi tufayli yangi daromad manbalariga ehtiyoj ortishi, iqlim jadal o‘zgarishi oqibatida oziq-ovqat va suv xavfsizligi dolzarblashib, yashil energiya masalasi muhim geosiyosiy ahamiyat kasb etmoqda.
Bu masalalar o‘tgan yil noyabr oyida Bokuda bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasi (COP29)da ham alohida ta’kidlandi. Mazkur anjumani doirasida, jumladan, Qozog‘iston, O‘zbekiston va mezbon davlat Ozarbayjon rahbarlari yashil energiyani ishlab chiqarish va uzatish bo‘yicha strategik hamkorlik shartnomasini imzoladi. Fors ko‘rfazi mintaqasi davlatlari, birinchi navbatda Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari zamonaviy texnologiyalarga tayangan holda Markaziy Osiyoning “yashil” energetika sohasidagi salohiyatini rivojlantirish uchun sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston bu borada qator raqobatdosh ustunliklarga ega. Strategik geografik joylashuv, doimiy o‘sib borayotgan mahalliy ishlab chiqarish salohiyati va ajoyib tabiiy sharoit tufayli yurtimiz, ayniqsa, quyosh va shamol kabi yashil energiya turlari ishlab chiqarish uchun qulay.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, mamlakatimiz shamol va quyosh energiyasini ichki ehtiyojdan 10-12 barobar ko‘p ishlab chiqara oladi. Shu nuqtai nazardan eksport salohiyatimiz juda yuqori.
O‘zbekiston bu ikki turdagi energiyani ishlab chiqarish keskin oshirilishiga qaratilgan jiddiy qonunchilik majburiyatlarrini zimmasiga oldi. Xalqaro kompaniyalar bilan umumiy quvvati 20 ming MVtdan ortadigan quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish bo‘yicha 38 ta shartnoma imzoladi. Ta’kidlash joiz, respublikamizning ayni yo‘nalishdagi beqiyos salohiyatini jahon talabiga javob bera oladigan texnologiyalarga va yetarli moliyaviy kapitalga ega “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni), Masdar (BAA) kabi dunyo miqyosida mashhur kompaniyalar e’tirof etdi.
Fors ko‘rfazi davlatlarining O‘zbekiston yashil energetika sektoriga qiziqishi jadal sur’atda oshib borishi bir-biriga uyg‘un turli omillar bilan izohlanadi. Birinchidan, mamlakatda iqlim yomonlashishi, aholi soni tez o‘sishi, ishlab chiqarishga doir ulkan rejalar va xorijiy energiya yetkazib beruvchilar bilan bog‘liq muayyan xavf-xatar umumiy miqdorga nisbatan “yashil” energiya ulushini keskin oshirishni amalda majburiy qilib qo‘yadi. Buni davlatimiz rahbari Dubayda bo‘lib o‘tgan COP28 sammitida “yashil o‘tish”ning strategik ahamiyatiga urg‘u bergan tarzda ta’kidlagan edi.
Ikkinchidan, texnologiya va moliyaviy kapitalga ehtiyoj O‘zbekistonni xorijiy hamkorlar izlashga undamoqda. Ko‘rfaz mamlakatlari orasida aynan Saudiya va BAAni eng qulay sheriklar sifatida ko‘rish mumkin. Ichki ishlarga nisbatan yumshoqroq yondashishdan tashqari, mazkur mintaqa Markaziy Osiyoda hech qanday geosiyosiy maqsad ko‘zlamaydi.
Uchinchidan, Ko‘rfaz kompaniyalari ham mamlakatimizdagi iqtisodiy ishtirokini kengaytirishdan manfaatdor. Zero, o‘lkamizda “yashil” energiyani o‘z energetika majmuasiga integratsiyalash va ulkan eksport salohiyatini yuzaga chiqarish uchun imkoniyat bisyor. Qolaversa, zaminimiz turli muhim metallar, jumladan uran, berilliy, litiy, galiy, indiy, vanadiy, germaniy, titan, volfram va molibdenga boyligi tan olinadi. Bu moddalar har xil turdagi “yashil” energiya va yangi texnologiyalar ishlab chiqarish uchun zarur. Demak, BAA va Saudiya kompaniyalari biz bilan hamkorlik orqali yangi, yuqori daromadli bozorga kirishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari munosabatlari jadallashishi ko‘plab sohalar, ayniqsa barqaror rivojlanish va “yashil” iqtisodiyot yo‘nalishlarida sheriklik chuqurlashgani bilan tavsiflanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning BAAga navbatdagi tashrifi va Abu-Dabidagi 2025 yilgi Barqaror rivojlanish haftaligi (ADSW2025)da ishtirok etishi esa aloqalarimizning strategik ahamiyati, har ikki davlatning ekologik mas’uliyat tamoyiliga sodiqligidan dalolat. “Barqaror taraqqiyotni tezlashtirish” mavzusidagi Abu-Dabida 12 yanvar kuni boshlangan, 18 yanvargacha davom etadigan mazkur anjuman global barqarorlik taqvimidagi yilning ilk tadbiridir. Bu gal dunyo yetakchilari barqaror iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish uchun o‘zaro bog‘liq yechimlarni umumlashtirish maqsadida birlashadi.
Binobarin, forum global muammolar ta’siri yaqqol sezilayotgan va shu sabab davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyati tobora ortayotgan bir sharoitda yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi. Zotan, O‘zbekiston ham, BAA ham barqaror rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish siyosatini izchil amalga oshirib, buni aniq sa’y-harakatlar bilan tasdiqlamoqda.
Masalan, Toshkentning 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy energiya balansida qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 50 foizga yetkazish maqsadi belgilangan. Shu jihatdan mamlakatimiz BAAning “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari salohiyatini uch barobar oshirish” tashabbusiga qo‘shilgani ham e’tiborga molik.
Umuman, O‘zbekiston rahbarining ADSW2025 ko‘rgazmasida qatnashishi davlatimizning barqaror rivojlanish sohasidagi yutuqlarini namoyish etish, kelajakka oid qarashlar bilan o‘rtoqlashish, iqtisodiyoti rivojlangan yurtlar bilan hamkorlikni mustahkamlash imkoniini yaratadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA