Sharqda qadimdan xalqning qanday yashayotganiga baho berish uchun bozorlarini aylanishning o‘zi kifoya qilgan. Mahsulotlarning to‘kinligi, narx-navosi, orastalikni ko‘rib, baho berilgan. Bugun ham shunday. Bozor rastalaridagi to‘kin-sochinlikni, arzonchilikni ko‘rib, agrar sohadagi islohotlar hozirgi kunda qanchalik samara berayotgani anglash mumkin.
Masalan, “Sergeli dehqon bozori” hududiga kiraverishdayoq rastalardagi nozu ne’matlarni ko‘rib kayfiyatingiz ko‘tariladi. Ularning ko‘pi yurtimiz dalalarida, issiqxonalarda yetishtirilgan mahsulotlardir. Daladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridorgacha yetkaziladigan meva-sabzavotlar sifati buzilmasdan xalqimiz dasturxonigacha yetib boradi. Eng muhimi arzon narxlarda.
Albatta, buning uchun respublikamiz hukumati tomonidan qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, mahsulotning birinchi qo‘ldan, sifatli xaridorga yetib borishi uchun bozorga yaqin hududlarda zarur haroratni saqlay oladigan yirik muzlatkichli omborlar tashkil etilgan. Bu yerda tumanning kundalik iste’moli uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari saqlanadi va zamonaviy uskunalarda qayta ishlanib, qadoqlanadi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridorgacha yetib boradi.
Ana shunday omborlar har bir hududda tashkil etilganligi bois qishning ayozli kunlarida ham, bahorning “ilik uzildi” pallasida ham mahsulot peshma-pesh rastalarga yetkaziladi. Bu borada bozor ma’muriyati, hokimlik hamda Bosh prokuraturaning departamenti tomonidan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, “daladan dasturxongacha” tamoyilining amal qilishi bozorlarimizning to‘kin bo‘lishini ta’minlamoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jmMPF-buyNU" title="Bozorlarimiz to‘kinligining siri nimada?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA