Energetika har bir davlatning strategik ahamiyatga ega sohasi bo‘lib, uning barqaror rivojlanishi iqtisodiy o‘sishning asosiy omillaridan biridir. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishni modernizatsiya qilish, “yashil” texnologiyalarni joriy etish va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, o‘tgan yetti yilda ushbu tizimda katta quvvatlar ishga tushirilib, ishlab chiqarish salohiyati oshirildi. “Yashil” energetika sohasidagi ilk qadamlar ham shu davrga to‘g‘ri kelmoqdaki, bugun bu yo‘nalish o‘zining rivojlanish bosqichiga chiqib ulgurdi.
Xo‘sh, 2024 yilda energetika sohasida qanday ishlar amalga oshirildi? Ishlab chiqarish quvvatlari qanchaga oshirildi? O‘tgan yilda “yashil” energiyani ishlab chiqarish ko‘rsatkichi qanchani tashkil etdi?
Bu haqda batafsil ma’lumot olish maqsadida Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov bilan suhbatlashdik.
– Keyingi yillarda energetika sohasidagi o‘zgarishlar hukumatimiz va xalqimiz diqqat markazida bo‘lib turibdi. Quvvatlar har yili oshirilib, elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi ham izchil o‘sib bormoqda. Biroq tizimda muammolarning hamon mavjudligi sir emas. Shunga qaramay, energetiklar yangi loyihalarni tatbiq etishda davom etmoqda va bu ishlar natijalari yil sayin yaqqol namoyon bo‘lyapti. 2024 yil sarhisobiga ko‘ra, siz qaysi ishlarni asosiy yangiliklar sifatida alohida e’tirof etgan bo‘lar edingiz?
– Ochig‘ini aytish kerak, har yili biz uchun sinovli bo‘ladi. Negaki, keyingi yillarda biz katta loyihalar ustida ish olib boryapmiz. Uning qaysi biridir qurilayotgan yoki yana qaysi biridir ishga tushirilish jarayonida bo‘ladi. Bularning barchasi biz uchun katta javobgarlik hisoblanadi. Sohadagi muammolarni ta’kidladingiz. Albatta, ish bor joyda muammo bor, lekin uning yechimini topmaslik yoki oldinga intilmaslik, bir joyda turib qolish e’tirozlarga sabab bo‘lish mumkin. Lekin bugun bu tizim bir joyda to‘xtab qolmadi. Aksincha, Prezidentimiz aynan shu sohaga katta e’tibor qaratayotgani va vazirlik bunday tashabbuslar ijrosini reja asosida amalga oshirib kelayotgani katta e’tiborga loyiq. Chunki bugun energetika sohasi jadal rivojlanish pallasiga kirib bo‘ldi.
Endi 2024 yilda e’tiborga molik ishlar haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, mamlakatimiz energetika sohasida ulkan natijalarga erishdi. Jumladan, sohaning huquqiy bazasi mustahkamlandi: 2 ta qonun, 2 ta farmon, 27 ta qaror, Vazirlar Mahkamasining 18 ta qaror va 16 ta farmoyishi qabul qilindi. Bu hujjatlar energiya samaradorligini oshirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va investitsiya muhitini yaxshilashga xizmat qildi.
Shuningdek, umumiy quvvati 2 787,9 megavatt bo‘lgan yangi elektr stansiyalari ishga tushirildi. Ularning tarkibida quyosh fotoelektr stansiyalari (1 000 megavatt), shamol elektr stansiyalari (800 megavatt), issiqlik elektr stansiyalari (965,2 megavatt) va gidroelektr stansiyalar (22,7 megavatt) mavjud.
2024 yil dekabr oyida Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani va Andijon viloyatining Asaka tumanida quvvati 150 megavattdan bo‘lgan 2 ta energiya saqlash tizimi (jami 300 megavatt) ishga tushirildi. Bu loyihalar O‘zbekiston energetika tarmog‘idagi yangi qadam bo‘lib, sohadagi ahamiyati juda kattadir. Xususan, ushbu elektr energiyasini saqlash tizimlari iste’molning yuqori paytlarida tarmoqni barqarorlashtirish va qo‘shimcha zaxira quvvatlarini yaratish imkonini beradi.
– Shu o‘rinda, bunyod etilgan issiqlik elektr stansiyalari, ularning texnik imkoniyatlari va mamlakat energetika tarmog‘ida tutgan o‘rni haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz. Bu loyihalarning iqtisodiyotga qo‘shayotgan hissasi va ular orqali hududlarda energiya ta’minoti qay darajada yaxshilandi?
– 2024 yilda mamlakat energetika salohiyatini yanada oshirish maqsadida qator yirik loyihalar amalga oshirildi. Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan Sirdaryo viloyatining Shirin shahri va Boyovut tumanlari hududida quvvati 1500 megavatt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasining qolgan 500 megavatt qismi ishga tushirildi. Dastlabki 1000 megavatt qismi 2023 yilda foydalanishga topshirilgan edi. Ushbu elektr stansiyasi nafaqat viloyatda, balki mamlakat miqyosida energiya ta’minotini barqarorlashtirishga sezilarli hissa qo‘shmoqda.
Bundan tashqari, 2024 yil davomida Toshkent issiqlik elektr markazida umumiy quvvati 64 megavatt bo‘lgan 2 ta zamonaviy gaz turbina qurilmasi ishga tushirildi. Ular yuqori samaradorlik bilan ishlab, poytaxt va atrof hududlar energiya ta’minotini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, Toshkent shahrining Olmazor tumanida quvvati 1,2 megavatt bo‘lgan kogeneratsiya qurilmasi ishga tushirildi. Bu esa mikroenergiya tizimida yana bir yangi qadam hisoblanadi.
Qashqadaryo viloyatida Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan quvvati 400 megavatt bo‘lgan gaz-porshen qurilmasi foydalanishga topshirildi. Ushbu qurilma zamonaviy energetika tizimlarida o‘zining ko‘p qirraliligi, samaradorligi va ishonchliligi tufayli muhim o‘rin tutadi. Bunday generatorlar tabiiy gaz, biogaz yoki boshqa gazsimon yoqilg‘ilarda ishlashi mumkin. Bundan tashqari, gaz porshenli generatorlar tez ishga tushish va to‘liq quvvatga erishish imkoniyatiga ega. Bu elektr energiyasi talabining keskin oshishini qoplash uchun ideal yechim bo‘lib, quyosh va shamol kabi qayta tiklanadigan energiya manbalarining o‘zgaruvchanligini barqarorlashtirishda ham muhim rol o‘ynaydi.
Ushbu loyihalar mamlakat energetika tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish, sanoat korxonalari va aholi uchun elektr energiyasi yetkazib berish barqarorligini ta’minlashga xizmat qilyapti. Shu bilan birga, iqtisodiyotda ishlab chiqarish quvvatlari oshirilishi va yangi ish o‘rinlarining yaratilishi bilan ham katta ijobiy ta’sir ko‘rsatyapti. Xususan, elektr energiyasi ta’minotining yaxshilanishi tufayli sanoatning qator tarmoqlari o‘z mahsulot hajmini oshirib, mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YAIM) o‘sishiga hissa qo‘shmoqda.
– Mamlakatimizda “yashil” energetikani rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz. Xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha qanday loyihalar amalga oshirildi? Ushbu loyihalarning aholi uchun ekologik barqarorligi va iqtisodiyotga qo‘shgan hissasi qay darajada? Mazkur yo‘nalishda galdagi rejalar qanday?
– 2024 yilda “yashil” energetika sohasida qator muhim natijalarga erishildi. Quyosh va shamol energiyasidan 4,9 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu esa 1,47 milliard metr kub tabiiy gazni tejash va atmosferaga 2 million 40 ming tonna zararli gaz chiqarilishini kamaytirish imkonini berdi. Hozirda qayta tiklanadigan energiya 2 milliondan ortiq xonadonni ta’minlash uchun yetarli darajada ishlab chiqilmoqda.
2024 yil davomida qator “yashil” elektr stansiyalari ishga tushirildi. May oyida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida umumiy quvvati 200 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari faoliyati boshlandi va avgust oyiga kelib ular to‘liq ishga tushirildi.
Shuningdek, dekabr oyida bir nechta yirik loyihalar amalga oshirildi. Navoiy viloyatining Tomdi tumanida quvvati 400 megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyasining 300 megavatt qismi qo‘shildi. Buxoro viloyatining Peshku va G‘ijduvon tumanlarida har biri quvvati 200 megavattdan bo‘lgan ikki shamol elektr stansiyasi ish boshladi va bu quvvat kelajakda 1000 megavattga yetishi kutilmoqda.
Namangan viloyatining Pop tumanida 200 megavatt quvvatli quyosh elektr stansiyasi faoliyati boshlandi va uning quvvati kelajakda 500 megavattga yetkaziladi. Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida 50 megavatt quvvatli quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi va bu quvvat kelgusida 263 megavattgacha oshiriladi.
Gidroelektr stansiyalar yordamida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi ham “yashil” energiya hisoblanadi. Shuning uchun mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona foydalanishda mikro GESlarni rivojlantirish bo‘yicha ham juda yirik marralar belgilangan. Xususan, respublika bo‘ylab sug‘orish kanallari, daryolar, suv omborlari va yirik ariqlarda mingdan ortiq mikro GESlarni o‘rnatish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olingan. Ushbu loyihalar mamlakat energetika barqarorligini ta’minlash barobarida iqtisodiyotga katta hissa qo‘shyapti. Qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish gaz va neft resurslarini tejash imkonini berib, ularni eksport qilish yoki sanoatda qayta ishlash uchun yo‘naltirishga shart-sharoit yaratmoqda. Shuningdek “yashil” energetika ekologik barqarorlikni ta’minlab, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etayotir.
– Iste’molchilar uchun quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha qanday turdagi yordamlar ko‘rsatilmoqda? Shuningdek, quyosh panellarini o‘rnatishda davlat va xususiy sektorning o‘rni qanday?
–“Quyoshli xonadon” dasturi doirasida quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish maqsadida 10 milliard so‘mdan ortiq subsidiya ajratildi. Bu subsidiyalar fuqarolarning quyosh panellarini o‘rnatishga bo‘lgan qiziqishini oshirish va ularning energiya sarfini kamaytirishga yo‘naltirilgan. Har bir kilovatt soat energiya davlat tomonidan 1 000 so‘mdan sotib olinadi. Bu zamonaviy tizim energiya tejamkorligini oshirish va mamlakatning ekologik barqarorligini ta’minlayapti.
Ushbu subsidiyalarning umumiy miqdori 10 milliard 563 million so‘mni tashkil etgan va ular fuqarolarning bank kartalariga “Soliq” mobil ilovasi orqali o‘tkazib berilgan. Bu ilova orqali soliq organlari har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar subsidiyalarni jo‘natadi. Masalan, oktyabr oyi uchun belgilangan subsidiya 25 noyabrgacha fuqarolarning plastik kartalariga o‘tkazib beriladi.
Bu dastur orqali quyosh energiyasidan foydalanishning yangi imkoniyatlari yaratilmoqda. Bu nafaqat energiya tejamkorligini ta’minlash, balki yangi ekologik standartlarga muvofiqlikni ta’minlash uchun ham muhim qadamdir.
– Energetika tarmoqlarida modernizatsiya ishlari qanday amalga oshirildi?
– 2024 yilda respublikada elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida bir qator muhim ishlarni amalga oshirishga e’tibor qaratildi. Jami 29 ming 495 kilometr taqsimlovchi tarmoq va 10 ming 221 ta transformator punkti mukammal ta’mirlandi. Bu ishlar elektr energiyasining mustahkam ta’minoti va istiqboldagi barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.
Shu bilan birga, jami 2 896 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 649 ta transformator punkti yangidan qurildi. Bu yangi loyihalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri energetika infratuzilmasini yaxshilashga yordam berib, hududlardagi elektr ta’minoti muammolarini hal qilishga xizmat qiladi.
Birgina Toshkent shahrining o‘zida 110 kV kuchlanishli “Toshkent siti”, “Yangi O‘zbekiston”, “Yunusobod siti” va “Yangihayot” podstansiyalarida qurilish ishlari yakunlanib, 15,5 kilometr uzunlikdagi 110 kV kuchlanishli tarmoq qurildi va 20 kilometrdan ortiq 35-110 kV tarmoq yangilandi.
110 kVli podstansiyalarni modernizatsiya qilish uchun Xitoydan olib kelingan 69 ta yirik kuch transformatori hududlarga yetkazilib o‘rnatildi.
Gaz ta’minoti sohasida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. 168,2 kilometr uzunlikdagi yuqori va o‘rta bosimli gaz tarmoqlari yangilanib, modernizatsiya qilindi. Shuningdek, 455 ta gaz taqsimlash punkti ham ta’mirlanib, ishlab chiqarish imkoniyatlari yanada kengaytirildi.
– Energetika sohasidagi yangilanishlar va innovatsiyalar, avvalo, mamlakatning barqaror iqtisodiy rivoji va ekologik barqarorligini ta’minlashga qaratilgan. Shundan kelib chiqib, kelgusi yillarda energetika sohasini rivojlantirish bo‘yicha qanday strategik rejalar mavjud hamda bu jarayonda qanday yangi loyihalar va texnologik innovatsiyalar amalga oshiriladi?
– Kelgusi yillarda energetika sohasini rivojlantirishda “yashil“ energetika sohasini kengaytirish, quyosh va shamol elektr stansiyalarining quvvatini oshirish kabi bir qator muhim maqsadlar qo‘yilgan. Energetika tizimida generatsiya quvvatlari bo‘yicha 2030 yilgacha bo‘lgan davr uchun yetarli miqdorda bitimlar imzolandi. Endi navbat ushbu o‘zgaruvchan generatsiyalarni tarmoqqa to‘liq integratsiya qilish uchun kerakli bo‘lgan yetarli tarmoq infratuzilmasini yaratish eng muhim strategik maqsadlardan biri hisoblanadi. Energiya ta’minotining barqarorligini ta’minlashda qayta tiklanuvchi generatsiya quvvatlarini tarmoqqa ishonchli integratsiyasini ta’minlovchi zamonaviy energiya saqlash tizimlarini, tarmoqning raqamli avtomatik boshqaruvi, yetarli uzatish va taqsimlash tarmoqlarini yaratish hamda eksport hajmini ko‘paytirish – bu boradagi asosiy strategik yo‘nalishlardir.
Quyosh va shamol energiyasidan foydalanishda yangi texnologiyalarning joriy etilishi, shuningdek, energiya saqlash tizimlarining ishga tushirilishi zamonaviy energetika infratuzilmasini shakllantirishda muhim omil bo‘ladi.
Bu jarayonda xalqaro hamkorlik va xususiy sektorning ishtirokini kengaytirish ham ahamiyatlidir. Ular mamlakatning energiya sohasida yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etishda faol ishtirok etishlari kutilmoqda.
Energetika tizimiga xususiy sektorni jalb etish maqsadida taqsimlash tarmoqlarini, issiqlik elektr stansiyalarini xususiy sektor boshqaruviga berish bo‘yicha ham qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Masalan, shu yilning o‘zida Samarqand viloyatining elektr taqsimlash tarmoqlarini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga berish bo‘yicha tenderlar e’lon qilindi. Yil oxirigacha investor tanlab olinib, ishni boshlashi ko‘zda tutilgan. Tizimga xususiy sektorning kirib kelishi tarmoqlarda yo‘qotishlarning kamayishi, samaradorlikning oshishi, iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish kabi ijobiy natijalar beradi.
2024 yil energetika sohasida innovatsion rivojlanish yili bo‘lib, bu davrda ulkan qadamlar tashlandi. Huquqiy bazaning mustahkamlanishi, yangi quvvatlarni ishga tushirish va “yashil” texnologiyalarni joriy etish mamlakatning energetik mustaqilligi hamda ekologik barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva suhbatlashdi.