Vatanimiz tarixidagi 12 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
914 yil (bundan 1201 yil oldin) – Xuroson amiri Ahmad ibn Ismoil Somoniy Buxorodagi ov vaqtida o‘z saropardasida vafot etdi (bu voqea ayrim tarixiy manbalarda 22 yoki 24 yanvarda sodir bo‘lgani ham yozilgan, bu o‘rinda tarixchi Narshaxiyning ma’lumotiga tayanildi).
Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida qayd etilishicha, Ahmad hokimiyat tepasiga kelgach, otasi yo‘lidan borgan. Uning davrida Buxoro aholisi osoyishta hayot kechirgan. Amir Ahmad davlatni boshqarish bilan bir qatorda harbiy yurishlarga ham e’tibor qaratgan. U Seistonni zabt etib, bu hududni o‘z tasarrufiga kiritgan. Ushbu muvaffaqiyatdan so‘ng u ov qilish uchun Jayhun (Amudaryo) bo‘yiga boradi. Amirning Jayhun bo‘yidagi saropardasiga Tabariston amiri Abu-l-Abbosdan xabar keladi.
Bu voqeani Narshaxiy shunday bayon etadi: “Amiri shahid xatni o‘qidi; xatda: “Husayn ibn Alo xuruj qilib Gurgon va Tabariston viloyatlarining ko‘p yerlarini oldi, mening zarurat yuzasidan qochishim kerak bo‘lib qoldi”, – deb yozilgan edi. Bundan amir diltang bo‘lib juda g‘amginlikka tushdi va: “Ey xudo! Agar bu podshohlik mendan ketadigan bo‘lsa, mening ajalimni ber!” – deb duo qildida, saropardaga kirdi.
Amiri shahidning shunday odati bor edi: uning bir sheri bo‘lib, har kecha amir yotadigan uy eshigiga o‘sha sherni zanjir bilan bog‘lab qo‘yar edilar, kim u uyga kirmoqchi bo‘lsa, sher uni halok qilar edi. O‘sha kecha amir g‘amgin bo‘lganidan uning hamma xos kishilari ham u bilan mashg‘ul bo‘lib, sherni olib kelishni unutib qo‘ydilar. Amir uxlab yotganida uning qullaridan bir to‘dasi kirib boshini oldilar. (Bu voqea) hijratdan uch yuz birinchi yil jumodaloxir oyining o‘n birinchisida (milodiy 914 yil 12 yanvarda) payshanba kuni (bo‘lgan edi). Uni Buxoroga olib kelib Navkanda qabristoniga qo‘ydilar va unga “Amiri shahid” deb laqab berdilar. “Bu ishni Abu-l-Hasan boshqargan”, – deb unga tuhmat qildilar va uni Buxoroga olib kelib dorga osdilar. Amirga suiqasd qilgan qullardan ba’zilarini topib o‘ldirdilar, ba’zilari Turkistonga qochdi”.
1918 yil (bundan 107 yil oldin) – Turkiston Xalq Komissarlari Soveti paxta tayyorlash, uni sotish va sotib olish ustidan davlat nazorati xususida dekret chiqardi. Shu davrdan boshlab paxtachilik o‘lka qishloq xo‘jaligining, umuman olganda, xalq xo‘jaligining ham bosh tarmog‘i bo‘lib qoldi.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) – arxeolog olim Vasiliy Vyatkin raisligida Samarqand qadimiy yodgorliklari va san’at obidalarini saqlash va restavratsiya qilish komissiyasi tuzildi.
1928 yil (bundan 97 yil oldin) – faylasuf olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Jondor Tulenov tavallud topdi (vafoti 2002 yil). U 1994 yilda “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan.
1929 yil (bundan 96 yil oldin) – gidrogeolog olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Abdumubdi Sultonxo‘jayev dunyoga keldi (vafoti 2013 yil).
1938 yil (bundan 87 yil oldin) – Turkistondagi taraqqiyparvar din arbobi, pedagog Abduvohid Qoriyev qamoqda vafot etdi (ba’zi adabiyotlarda uning avgustda vafot etgani qayd etilgan). U rus adibi Lev Tolstoy bilan shaxsan ko‘rishib, suhbatlashib, 1910 yilda uning dafn marosimida qatnashgan. 1923 yilda Ufadan Usmon Qur’onini olib kelishda ishtirok etgan. Abduvohid Qoriyev 1957 yilda oqlandi.
1942 yil (bundan 83 yil oldin) – Surxondaryo viloyatidagi Uzun tumani tashkil etildi. U 1959 yil 15 oktyabrda Sariosiyo tumaniga qo‘shib yuborildi. 1991 yil 29 martda qaytadan tuzildi. Mazkur tuman hududida joylashgan Zindontepa, Kultepa, Farmontepa kabi 26 ta arxeologiya yodgorligi, shuningdek, X – XI asrlarga oid Oq Ostona bobo maqbarasi va XX asrga oid ikkita monumental yodgorlik Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – Markaziy Afrikadagi Chad Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi suverenitetini tan oldi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – Buxoro viloyati tarkibida Qorovulbozor tumani tashkil etildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, mazkur tuman hududida joylashgan Qorovulbozor hamda Bo‘zachi sardobalari Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. Ular haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.
Sardoba so‘zi fors tilidan olingan bo‘lib, sard (sovuq) va ob (suv) so‘zlarining qo‘shilishidan yasalgan. Bu nomning o‘ziyoq mazkur inshoot suvni saqlash uchun xizmat qilganligini anglatib turibdi. Bunday inshootlar cho‘l va dasht hududlari orqali o‘tgan aloqa-savdo yo‘llari bo‘yida va o‘troq makonlarda ham barpo etilgan bo‘lib, ularning qurilishi, ayniqsa, o‘rta asrlarda keng rivojlandi. Dasht va cho‘l hududlaridagi sardobalar, odatda, yomg‘ir hamda qor suvlari bilan qish va bahor oylarida to‘ldirilgan bo‘lsa, shaharlardagi sardobalar suvi ariqlardan maxsus sopol quvurlar orqali keltirilgan. Suv qishda iliq, yozda sovuq holda turgan.
Tarixchi Akbar Zamonovning yozishicha, Qorovulbozordagi bu sardobalar shayboniylar hukmdori Abdullaxon II tomonidan bunyod ettirilgan. Buxorodan Qarshiga qarab yo‘lga chiqqan karvonlar to‘xtab dam oladigan birinchi yirik makon Qorovulbozor bo‘lib, bu yerdagi sardoba XVI asrning oxirlarida qurilgan. Uning yonida katta karvonsaroy ham mavjud edi. Bu sardoba XVI – XIX asrlar davomida Qorovulbozor orqali o‘tgan savdo karvonlari, harbiy otryadlar, yo‘lovchilar va cho‘ponlarni suv bilan ta’minlashga xizmat qilib kelgan. Mahalliy aholi bu sardobani Gumbaz deb atagan. Uning uchta darvozasi bo‘lib, hovuzining diametri 16 metrdan ko‘proqni tashkil etadi. Gumbazining balandligi esa 6,5 metrga teng. Sardoba devorlarining qalinligi 1,5 metrgacha qilib terilgan. Davlat muhofazasiga olingan Qorovulbozor sardobasida 2018 – 2019 yillarda respublika byudjet mablag‘lari hisobidan konservatsiya, restavratsiya va obodonlashtirish kabi ishlar olib borilgan.
Buxoro – Qarshi savdo yo‘li bo‘yidagi Qorovulbozordan keyingi bekat XIX asrning 80-yillaridayoq vayron bo‘lib ketgan Qo‘sh sardobasi hisoblanadi. Undan keyingi bekat manbalarda Bo‘zachi deb ataladigan rabot va sardoba bo‘lib, Qorovulbozordan 17 kilometr uzoqlikda joylashgan ushbu yo‘lbuyi inshooti rabot va sardobadan iborat bo‘lgan. Sardoba uning yonida bo‘lgan rabot nomi bilan atalgan. Bo‘zachi sardobasi Qorovulbozor sardobasidan ancha kichik (hovuz diametri 13 metrga teng). Tuzilishi jihatidan ancha ixcham bo‘lgan bu inshootning uchta deraza va kirish joyi mavjud bo‘lgan. 1993 – 1994-yillarda professor O‘ktam Mavlonovning dala tadqiqotlari kuzatuvida aniqlanishicha, sardobaning hovuzi butunlay ko‘mib yuborilgan.
1998 yil (bundan 27 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2007 yil (bundan 18 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2010 yil (bundan 15 yil oldin) – Toshkent shahrida “Vatanga qasamyod” haykali ochildi. Bu go‘zal majmuada askar davlatimiz bayrog‘ini ko‘ziga surtib, Vatan himoyasi uchun doimo tayyorligini bildirib, tiz cho‘kib qasamyod qilayotir. Uning yelkasi uzra mard va jasur o‘g‘lonni bag‘rida avaylab o‘stirgan Vatan timsoli – munis va mo‘’tabar ona harbiy xizmatga otlangan farzandini duo qilib, unga oq yo‘l tilamoqda.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) –Toshkent shahrida «Sankt-Peterburg davlat universiteti» Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasining filiali tashkil etildi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va “Xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni keng targ‘ib qilish orqali turistlar oqimini ko‘paytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasida to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasida ekologik turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA