Mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish, investitsion jozibadorlikni oshirish va yurtimizning eksport salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha vazifalar tizimli asosda amalga oshirilmoqda.
Ko‘zlangan vazifalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ko‘p jihatdan bojxona organlari faoliyati samaradorligiga bog‘liq. Tizimda olib borilayotgan jadal islohotlar hamda xalqimizning fidokorona mehnati tufayli so‘nggi yillarda iqtisodiyot 2 karra o‘sdi.
Shuni alohida qayd etish joiz, bugungi kunda Mahalliylashtirish dasturi natija bermoqda. Ayrim tovarlar importi 2 milliard dollarga kamaydi. 2024 yil tadbirkorlarga salkam 50 trillion so‘mlik bojxona to‘lovlaridan imtiyoz berildi. O‘zbekistondan 54 mingta eksport deklaratsiyalarini rasmiylashtirishda bojxona xodimi qatnashmadi.
Bojxonachilar noqonuniy muomaladan olingan 1000 dan ziyod televizor va konditsionerlarni Ijtimoiy qo‘llab quvvatlash markazlari (sobiq "Saxovat") va "Muruvvat" uylariga topshirishdi.
Qolaversa, 2024 yil "Bojxona hududida qayta ishlash" rejimi asosidagi tovarlar eksporti 1 milliard dollarlik marrani zabt etdi.
Yana bir e’tiborli jihat, bojxona binolariga quyosh panellari o‘rnatilishi hisobiga 5 milliard so‘mlik byudjet mablag‘lari tejaldi.
Yil raqamlarda...
O‘tgan yilda sanoat korxonalariga 24 milliard dollarlik uskunalar olib kelinib, 63 mingta yangi quvvat ishga tushirildi. Natijada 1,5 millionta ish o‘rinlari yaratilib, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 3 ming dollarga yetdi hamda kambag‘allik darajasi 23 foizdan 11 foizga tushdi.
Jahonda iqtisodiy raqobat tobora kuchayib borayotganiga qaramasdan tovarlar eksporti bir yilda deyarli 1 milliard dollarga oshib, 11,1 milliard dollarni tashkil qildi.
Mahalliylashtirish dasturi doirasidagi tadbirlar natijasida ko‘pgina tovarlarni import qilish kamaydi.
Masalan, transport va ularning ehtiyot qismlari, kimyo sanoati mahsulotlari, plastmassa va undan ishlangan buyumlar, mineral o‘g‘itlar, mebellar va ularning qismlari, keramika buyumlar, nasoslar, gigiyena vositalari va paxta tolasi importi 2 milliard dollarga kamaydi.
Mazkur jarayonlarda bojxona organlari ham munosib ishtirok etib, mamlakatimizning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va madaniy rivojiga o‘z hissalarini qo‘shib kelishmoqda.
Yakuniga yetayotgan yilda 17 mingga yaqin tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga bojxona to‘lovlaridan 49,6 trillion so‘mlik imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanildi, 6,6 trillion so‘mlik bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi.
Davlat byudjetiga undirilgan bojxona to‘lovlari o‘tgan yilga nisbatan 8 foizga oshishiga erishildi.
9 mingga yaqin holatda 914 milliard so‘mlik tovarlar, 35 milliard so‘m ekvivalentidagi valyuta qimmatliklari, 76 milliard so‘mlik zargarlik buyumlari, 63 milliard so‘mlik tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanuviga chek qo‘yildi.
Joriy yilda bojxona organlari tomonidan 1 tonnadan ziyod giyohvandlik vositalari, 554 ming dona psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalar, 49 dona qurol, 3010 ta o‘q-dorilar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Sohani raqamlashtirish hisobiga eksportda 91 foiz,importda esa 75 foiz deklaratsiyalar soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirildi. Bunda 54 mingdan ortiq eksport va import deklaratsiyalarining rasmiylashtiruvi inson omilisiz amalga oshirildi.
Eng asosiysi, bojxona tartibotlarini soddalashtirish orqali 6 mingga yaqin eksportyor hamda 20 mingga yaqin importyorning ortiqcha sarf-xarajati va vaqti tejalishiga erishildi.
Ijtimoiy ob’ektlarni qo‘llab-quvvatlash, qurilish, ta’mirlash va rekonstruksiya qilish yo‘nalishlarida Toshkent shahri, Jizzax, Sirdaryo, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida 7 ta “Saxovat” va “Muruvvat” uylari qurilib, foydalanishga topshirildi.
Ushbu muassasalarga 821 ta televizor va 204 ta konditsioner, 1 milliard so‘mdan ortiq kiyim-kechaklar hamda kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan 100dan ortiq jihozlar beg‘araz topshirildi.
Xorijiy investitsiyalar
Xorijiy investitsiyalar bilan ishlash yo‘nalishida
474ta loyiha ijrosi doirasida 7 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishini muvofiqlashtirish ishlari tashkil etildi.
Oziq-ovqat mahsulotlari va qadoqlash buyumlarini ishlab chiqarishga qaratilgan 5,3 trillion so‘mlik 375 ta yangi loyihalar ishga tushirildi.
Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi ortidan 12 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari vujudga keldi.
“Bojxona hududida qayta ishlash” rejimini ommalashtirish orqali ushbu rejimidan foydalanayotgan tadbirkorlar soni 350 taga yetkazilib, qayta ishlangan tovarlar eksporti bir yilning o‘zida 42 foizga yoki 305 million dollarga ko‘payib, 1 milliard dollarni tashkil etdi.
Energiya taqchilligi qoplanishini ta’minlashga qaratilgan topshiriqlar doirasida esa joriy yilning bugungi kun holatiga 98 ming 124 ta ob’ektga 965 MVt quyosh panellari o‘rnatilishi nazorat qilindi.
Bu jarayonlarda bojxona organlarining o‘zi ham munosib ishtirok etmoqda. Hozirga qadar 71 ta bojxona ob’ektiga 3,8 MVt quyosh panellari o‘rnatilib, 5 milliard so‘mdan ortiq byudjet mablag‘lari elektr energiya iste’molidan iqtisod qilindi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA