Vatanimiz tarixidagi 11 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1048 yil (bundan 976 yil oldin) – shogirdi Abul Fadl Seraxsiy bergan ma’lumotga ko‘ra, hijriy 440 yil rajab oyining ikkinchi kuni (milodiy 1048 yil 11 dekabrda) ulug‘ o‘zbek mutafakkir olimi, o‘rta asrlarning buyuk daholaridan biri Abu Rayhon Beruniyning sog‘lig‘i yomonlashib, G‘azna shahrida do‘stlari davrasida hayotdan ko‘z yumdi va shu yerda dafn etildi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Abu Rayhon Beruniyning boy ilmiy merosi O‘zbekiston va undan tashqarida chuqur o‘rganilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi shahar va tuman Beruniy nomiga qo‘yilgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Toshkentdagi metro bekati uning nomi bilan ataladi. Toshkent shahrida, Xorazm viloyatida, Qoraqalpog‘istonda va boshqa viloyatlarda Beruniy nomidagi ko‘cha, maydon va muassasalar bor.
Dunyoda birinchi marta O‘zbekistonda topilgan mineralga Beruniy nomi qo‘yilgan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti ta’sis etilgan. Beruniyga Toshkent, Xiva, Beruniy shaharlarida haykal o‘rnatilgan. Mustaqillik yillarida uning xoki G‘azna (Afg‘oniston)dan Beruniy shahriga olib kelinib, qayta dafn etilgan.
1172 yil (bundan 856 yil oldin) – tarixchi Alouddin Atomalik Juvayniyning yozishicha, hijriy 568 yil rabiulavval oyining yigirma ikkinchi kuni, dushanbada (milodiy 1172 yil 11 dekabrda) xorazmshoh Takash (Takish) taxtga o‘tirdi. Shu munosabat bilan o‘sha yerda hozir bo‘lgan shoir va adiblarning har biri uni qutlash uchun she’r va nutq yozdilar.
Takashning bobosi va otasi xizmatida bo‘lgan, “Mamlakat baxti” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan sakson besh yoshli Rashididdin Vatvotni uning yoniga zambilda olib keldilar. Vatvot uni ko‘rgach, “Har kim o‘z zehni va iqtidori darajasida she’r aytdi. Bandangiz yoshi o‘tganligi va zaifligi tufayli kech qoldi. Faqat takror kutlash niyatida shu ruboiyni yozdi”, – deb yozgan ruboiysini o‘qidi.
Mazkur ruboiyning mazmuni quyidagicha edi: “Bobong zamon sahifasidan zulm so‘zini o‘chirdi. Otang adolati yaralarni tang‘ib bog‘ladi. Ey, saltanat xirqasini kiygan zot, boshqarish navbati senga yetdi, endi sen nima qilmoqchisan?” Takash ishini boshlar-boshlamas, adolat va insof dasturxonini ochishni o‘ziga vazifa deb bildi.
1921 yil (bundan 103 yil oldin) – tarixchi olim Nat buyuk shoir va davlat arbobi Boburning 1529 yil 11 yanvarda (vafotidan bir yil ilgari) o‘g‘li Humoyunga yuborgan maxfiy maktubidan nusxa ko‘chirib oldi. U o‘zining “Hindiston Bobur nigohida” risolasida bu maktubga maxsus to‘xtalgan. O‘git va vasiyat tariqasida yozilgan ushbu maktub Hindistondagi “Bopal” Davlat kutubxonasida saqlangan.
Bobur o‘z maktubida, ayniqsa, diniy va mazhabiy masalalarda hushyor va adolatli bo‘lish zarurligini tayinlaydi. Shuningdek, u o‘z o‘g‘liga: “Podshoh farmoniga bo‘ysungan xalqni xarob qilmagil, adolatni ixtiyor qilgil, shunda shoh raiyatdan, raiyat shoxdan xotirjam bo‘ladi”, – deb uqtiradi. Maxfiy maktub quyidagi so‘zlar bilan yakunlanadi: “Hazrat Sohibqiron Amir Temurning ish yuritishlari doimo yodingda bo‘lsin. Shunda davlating ma’mur va puxta bo‘ladi. Biz yetkazib qo‘yamiz, xolos”.
1931 yil (bundan 93 yil oldin) – SSSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi Prezidiumining “O‘zbekiston SSR apparatini o‘zbeklashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorda kisqa muddatda davlat idoralarini mahalliylashtirish va ish yuritishni o‘zbek tiliga o‘tkazish ishini yakunlash lozimligi ta’kidlandi.
1932 yil (bundan 92 yil oldin) – tarjimashunos olim, publitsist, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi G‘aybulla as-Salom tavallud topdi (vafoti 2003 yil).
1993 yil (bundan 31 yil oldin) – YUNESKOning 93-sessiyasi qaroriga binoan Buxoro shahrining tarixiy markazi Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritildi.
1998 yil (bundan 26 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chingiz To‘raqulovich Aytmatovni «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2003 yil (bundan 21 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy korxona to‘g‘risida”, “Muhofaza choralari, antidemping va kompensatsiya bojlari to‘g‘risida”, “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilindi.
2018 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish a’lochisi» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan soliq to‘lovchilarning soliq to‘lash muddatlarini o‘zgartirish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi