Bugun ertalabdan barcha ijtimoiy tarmoqlarda “10 dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun”, “Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi muborak bo‘lsin!” kabi mazmundagi tabriklar, roliklar joylandi. Ketma-ket ko‘zim tushgan ushbu xabar va tabriklardan so‘ng, hamma ishimni yig‘ishtirib, jim o‘tirgancha madhiyamizni tingladim...
Davlatimiz madhiyasining kuyi bong urdi. Shu zahotiyoq butun vujudim jumbushga keldi, qalbimda hayajon va o‘zgacha entikish, yuragimda titroq...
“Serquyosh hur o‘lkam, elga baxt, najot...” — muazzam qo‘shiqning so‘zlari boshlandi. Butun borlig‘im uning serviqor kuyi va qalbning tub-tubigacha yetib boradigan so‘zlariga mahliyo bo‘ldi, ko‘zlarimda beixtiyor yosh qalqidi. Chunki vujudning larzasi, yurakning titrog‘i ko‘zlarda aks etgan edi.

Yoshlangan ko‘zlarimni yumgancha jilokor ohang va so‘zlar sadosida olis-olis kengliklarni, purviqor tog‘larni, keng dalalarni, buyuk ajdodlarimiz qiyofasini his qildim, boy o‘tmishimiz, qalbi pok va mehnatda pishgan, quyoshda qoraygan millatdoshlarim chehrasini ko‘z oldimga keltirdim. Ha, bularning bari o‘z-o‘zidan ko‘z o‘ngimda gavdalandi. Boqiy qo‘shig‘imizning sehrini, haqiqatan o‘zgacha ta’sirini yana bir bor his qildim.
Darhaqiqat, davlatimiz madhiyasi har bir vatandoshimizga ana shunday ta’sir ko‘rsatadi. Uni tinglaganda, qalblar larzaga keladi, o‘zgacha his-hayajon, vatanparvarlik tuyg‘usi jo‘sh uradi, millatimizning boy o‘tmishi, bugungi dorilomon kunlarimiz va nurli kelajak ko‘z oldimizda o‘z bo‘y-bastini namoyon qiladi. Shuning uchun ham davlatimiz madhiyasi — millat qo‘shig‘i, millatimizning o‘zligi, borlig‘i va boyligidir.
Milliy o‘ziga xosligimiz, milliy qadriyat va an’analarimiz, boy tarix va kelajagimiz mujassam bo‘lgan bu qo‘shiq milliy qo‘shig‘imizdir. Uni shunchaki tinglab bo‘lmaydi, unga shunchaki qarashning iloji yo‘q. Millat otashi qalbida yongan inson borki, uni entikib eshitadi, ko‘zlarida yosh aylanib, o‘zgacha g‘urur va ko‘tarinkilikni, faxr hissini tuyib eshitadi. So‘z va ohang kuchi, uning jozibasi, tarovati har qanday insonni o‘ziga rom etadi. Millatparvarlik, vatanparvarlik, xalqparvarlik, elu yurtni sevish — millat qo‘shig‘iga ana shunday munosabat ko‘rsatishda namoyon bo‘lsa kerak aslida.
Madhiyamizning qudrati xalqimizni birlashtirish, bir tanu bir jon qilish, yagona maqsad sari ildamlatish kuchiga ega. Millat qo‘shig‘i dunyo maydonlarida jarang sochganida, har bir o‘zbek g‘urur ila qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, unga hurmat ko‘rsatadi, davlatimizning qudratidan faxrlanadi.
Har birimizga shijoat, kuch-g‘ayrat ulashuvchi, faxr va g‘urur hissini in’om etuvchi, millatimizning borligiyu borlig‘ini tarannum etuvchi muazzam qo‘shiq — O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi mangu jarang sochaversin!
Madhiyamizni qayta va qayta tinglar ekanman, ana shu o‘y va hislar qalbimda, ongu shuurimda bong uraveradi...
Muhtarama Komilova,
O‘zA