_
Serquyosh hur o‘lkam, elga baxt, najot,
Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!
Oltin bu vodiylar – jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Bu oltinga teng so‘zlar va qalbni erituvchi ohanglar bilan ijro etilgan madhiyamiz xalqimiz qalbida yuksak vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytiradi. Ushbu muqaddas Vatan qo‘shig‘ini eshitib kamol topgan yoshlar bugungi kunda har bir sohada, jumladan, sportda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritib, madhiyamizning dunyo bo‘ylab yangrashiga sababchi bo‘lmoqda.

– Hamon yodimda! Fransiyaning Parij shahrida o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdim, – deydi dzyudo bo‘yicha tarixiy natijalar qayd etayotgan Diyora Keldiyorova. – O‘shanda g‘alabam sharafiga davlatimiz bayrog‘i baland ko‘tarildi, madhiyamiz yangradi. Buni dunyoning 200 dan ortiq mamlakatidan kelgan minglab sportchilar, muxlislar tomosha qildi. To‘g‘ri bungacha bir qator nufuzli musobaqalarda zafar quchganman. Biroq bu g‘alaba mening qalbimda o‘chmas iz qoldirdi. Sababi, dzyudo bo‘yicha to‘rt yillikning nufuzli musobaqasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasida turib, g‘alabam sharafiga yangragan madhiyamiz men uchun ona allasidan ham yoqimli bo‘lgan edi.

Ta’kidlash joizki, Davlat madhiyasiga alohida ehtirom bilan qarash O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vatanparvarlik burchidir. Shuningdek, mamlakatimizda bo‘lib turgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi shart. Madhiyamiz davlatimiz rahbarining turli mamlakatlarga rasmiy tashriflari chog‘ida, O‘zbekistonga kelgan xorijiy mamlakatlarning rahbarlarini kutib olish marosimlarida, yurtimizda o‘tayotgan umumxalq bayramlarida, yirik xalqaro anjumanlar, tinchlik va do‘stlik kelishuvlarida, sport musobaqalarida va sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda eng baland shohsupaga ko‘tarilgan paytida baralla yangramoqda.
– Biz har bir musobaqada g‘olib bo‘lish uchun yillar mobaynida tayyorlanamiz, g‘alaba uchun qattiq kurashamiz, – deydi D.Keldiyorova. – Xalqaro musobaqalarga yo‘l olganimizda doimo Vatan sog‘inchi qalbimni o‘rtaydi. Mana shu sog‘inch g‘alabaga erishganimizda, Davlatimiz bayrog‘i yuksak ko‘tarilganda, madhiyamiz yangraganda buyuk faxr ila taskin topadi. Har bir musobaqa arafasida Vatanimiz ramzlari – bayroq, madhiya va gerbimizni dunyo uzra tanitishga intilganman.
Diyora Keldiyorova 1998 yil 13 iyul kuni Samarqandda tavallud topgan. Olti yoshida dastlab sambo, keyinchalik dzyudo sport to‘garagida shug‘ullanishni boshladi. Diyora tuman, shahar va viloyat miqyosidagi sport musobaqalarida toblanib, o‘z ustida tinimsiz mehnat qildi. 2013 yil Diyora Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarida 44 kilogramm vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritgan. 2016 va 2018 yillarda dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ham bronza medallariga sazovor bo‘lgan.
2016 yil Toshkentda kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan Gran-pri musobaqasida finalga qadar barcha raqiblarini yengib, kumush medal sohibiga aylandi. Shu yili Prezident qarori bilan Diyora Keldiyorova Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. 2018-2022 yillarda o‘tgan jahon va qit’a birinchiliklari, Gran-pri hamda “Katta dubulg‘a” turnirlari kabi bir necha nufuzli musobaqalarda shohsupaga ko‘tarildi.
Diyora Keldiyorova 2023 yilda Qatarning Doha shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush, Gruziya va Mo‘g‘ulistondagi “Katta dubulg‘a” musobaqalarida oltin va bronza medali sohibiga aylandi. Xitoy mezbonligidagi Osiyo o‘yinlarining dzyudo musobaqalarida barcha raqiblarini yengib, Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylandi va delegatsiyamizga ilk oltin medalni keltirdi. Shuningdek, aralash jamoaviy bahslarda kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Joriy yilgi mavsum esa dzyudochimiz uchun ham muvaffaqiyatlarga boy bo‘ldi. Dastlab, Portugaliyada dzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan Gran-pri musobaqasida, so‘ngra Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tgan “Katta dubulg‘a” turnirida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Yana bir ahamiyatli jihati, ushbu g‘alabalar evaziga D.Keldiyorova jahon reytingi peshqadamiga aylandi. Hongkongda kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida bronza medali bilan taqdirlandi. Birlashgan Arab Amirliklarida tashkil etilgan jahon chempionatida ikkinchi o‘rindan joy oldi. Shu kabi nufuzli musobaqalarda toblangan Diyora Olimpiya o‘yinlari arafasida bir necha xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida “Parij-2024” Olimpiadasiga tayyorlandi. Davlatimiz rahbarining «2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida»gi qarori bunga muhim dasturilamal bo‘ldi.
Yuqori darajadagi tayyorgarlik va o‘z oldiga qo‘yilgan ulkan maqsad o‘z samarasini berdi. Jumladan, dzyudochi qizimiz, Fransiya poytaxti Parij shahrida XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Diyora Keldiyorova barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi va ushbu medal mamlakatimiz xotin-qizlari o‘rtasida Olimpiya o‘yinlari tarixidagi birinchi oltin medal sifatida tarix zarvaraqlariga oltin harflar bilan bitildi.
Diyora Keldiyorovaning ushbu muvaffaqiyati zamirida mamlakatimizda ayollar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan katta e’tibor mujassam. Ilgari xotin-qizlarimizning xalqaro musobaqalarda ishtirok etishini tasavvur qilib bo‘lmas edi. Bunday nufuzli musobaqalardagi g‘alabalar haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas edi. Bugun esa bari o‘zgacha, xotin-qizlarimiz nafaqat sport, balki boshqa sohada ham ancha ilg‘or va yurt sharafini dunyo uzra yanada yuksaltirmoqda.
Ha, bugun yurtimizda Olimp cho‘qqisini zabt etishga qodir katta tajribaga ega sportchilar soni ko‘paymoqda. Ular dunyo arenalariga dadil qadamlar bilan kirib kelmoqda. Ana shunday ulkan zafarlarni qo‘lga kiritayotgan farzandlari bor yurtning kelajagi buyuk bo‘ladi. Umid qilamizki, Diyora Keldiyorova yangi-yangi cho‘qqilarini zabt etgan holda, ulug‘ xalqimizning muqaddas qo‘shig‘i – Davlatimiz madhiyasini ko‘p bor dunyoga tanitishda davom etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA