9 dekbr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni
O‘zAda yangi loyiha:
Korrupsiyaga rahbarlar to‘siq qo‘yishi kerak!
Chunki korrupsiya oqibatida jamiyat, davlatga putur yetishi mumkin. Korrupsiya yuz minglab odamlarning umriga zomin bo‘lishi ham mumkin...
Korrupsiya, ya’ni pora berib, ishini bitirayotgan, pora berib o‘qishga kirayotgan, pora berib mansabga o‘tirish kabi holatlar hamon mavjud. Ana shu poralarni berayotganlar, olayotganlar yon-atrofimizda.
Bundan aziyat cheksakda, ularni ko‘rib, ko‘rmaslikka olish yoki bundan ko‘z yumish, ya’ni loqaydlik korrupsiyani faqat rivojlantiradi. Aslida, korrrupsiyaga eltuvchi har bir yo‘lni to‘sish mumkin...
Sir emaski, korrupsiya holatlari ko‘proq davlat organlari, tashkilotlardagi vakolatli shaxslar tomonidan sodir etiladi. Xo‘sh, ular nega bunga hamon yo‘l qo‘ymoqda? Axir, korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatiga darajasiga yetdi. Bu illatga to‘siq qo‘yish ularning asosiy vazifalaridan biri emasmi?
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAda amalga oshiriladigan yangi loyiha – “Korrupsiyaga rahbarlar to‘siq qo‘yishi kerak” dasturida aynan idora va tashkilotlar rahbarlarini shu kabi savollarga tutamiz.
Bu Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Taraqqiyot dasturi hamkorligida amalga oshirilayotgan va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan "O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash" qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Loyiha avvalida korrupsiya nima ekani, uni bartaraf etishda e’tibor qaratiladigan muhim jihatlarga to‘xtalib o‘tish zarurligini hisobga olib Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov bilan suhbatlashdik.
– Aytingchi, odamlar korrupsiya haqida bilishi kerak bo‘lgan eng muhim narsa nima?
– Mening fikrimcha, odamlar korrupsiya haqida 4 ta narsani bilishi kerak:
Birinchisi – bu korrupsiyaning qanchalik jiddiy muammo, global illat ekanini, ya’ni uning xavflilik darajasini bilishlari lozim. Ya’ni, boshqa jinoyatlar, masalan, hattoki odam o‘ldirish jinoyati oqibati bir shaxs yoki bir oila uchun kulfat keltirsa, korrupsiya oqibatida butun jamiyat, davlatga putur yetishi mumkin. Korrupsiya, hattoki, bir necha yuz minglab odamlarning umriga zomin bo‘lishi ham mumkin.
Birgina misolni aytaman: agar shifoxonaga dori-darmon vositalari uchun ajratilgan mablag‘ning ozgina qismini mas’ullar cho‘ntagiga urib qolsa, o‘z-o‘zidan u joyga belgilangan me’yordan kamroq yoki sifati pastroq dori olib kelinadi. Bu esa, bemorlarni davolash va, hattoki, ularning hayotini saqlab qolishga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Ikkinchisi – odamlarimiz korrupsiya o‘zi nima ekani, ya’ni korrupsiyaning shakllarini bilishi kerak. Bularning asosiylari qaysilar? Bu, eng avvalo, poraxo‘rlik, ya’ni pora olish va pora berish. Masalan, qaysidir ishni bitirib berish uchun yoki kamchiligi, xatosini yashirish uchun yoki bo‘lmasa, bizda eng ko‘p tarqalganlardan biri – bu ishga kirish uchun pora berish va pora olish hisoblanadi.
Ya’na bir shakli – noqonuniy manfaat. Ya’ni, qandaydir manfaatga ega bo‘lish uchun xizmat vakolatidan foydalanish.
Keyingisi – bu mablag‘larni talon-toroj qilish: bu byudjet mablag‘larini, ya’ni xalq pulini o‘g‘irlash yoki shaxsiy manfaatlar uchun foydalanish.
Uchinchisi – korrupsiyaning oqibatini bilish kerak. Asosan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy oqibatini.
Iqtisodiy oqibat – bu, tabiiyki, davlatning iqtisodiy o‘sishdan to‘xtashi, biznesning rivojlanmasligi, investitsiyaviy jozibadorlik yo‘qolishini keltirib chiqarishi mumkin.
Ijtimoiy oqibat – bu fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchining kamayishiga olib keladi. Xalqning hayoti sifatiga salbiy ta’sir qiladi va ijtimoiy notenglikni keltirib chiqaradi.
Siyosiy oqibat esa, mamlakatning demokratiya va shaffoflik darajasi kamayishi, jamiyatda taranglik va beqarorlik kelib chiqishi bilan bog‘liq.
To‘rtinchisi – ushbu illatga qarshi kurashishda har bir inson o‘zining roli borligini his qilishi zarur. Ya’ni, bunda, har bir inson befarq bo‘lmasligi, huquqbuzarliklar haqida tegishli organlarga xabar berishi, halol insonlarni qo‘llab-quvvatlagan holda, ochiqlik va shaffoflik, hisobdorlikni oshirishga qaratilgan jarayonlarda faol ishtirok etishi kerak.
Korrupsiyaning mohiyati va uning oqibatlarini odamlar tushunib, anglasa, va, bunda, har birimiz murosasiz munosabatni amalda ko‘rsata olsak, halol va adolatli jamiyat qurishga erisha olamiz.
Korrupsiyaga duch kelganda, qanday yo‘l tutish kerak?
– Qo‘rqmaslik kerak. U korrupsiya bo‘ladimi yoki korrupsiya ehtimoli bo‘ladimi, darhol chora ko‘ra oladigan shaxsga yoki idoraga murojaat qilish kerak.
Agar bunga ishxonangizda duch kelgan bo‘lsangiz, kadrlar bo‘limiga yoki ichki xavfsizlik, komplayens nazorat xodimiga yoxud odob-axloq komissiyasiga murojaat qilish kerak.
Agar ishdan tashqari duch kelinsa, unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 1253 raqamli koll-markaziga yoki prokuraturaga murojaat qilish mumkin.
Shuningdek, har bir vazirlik va idorada ham korrupsiyaga duch kelsa, murojaat qilsa bo‘ladigan telegram-botlar, koll-markazlar ham ishga tushirilgan.
– “Halollik vaksinasi” haqida bir necha yillardan beri gapirib kelyapmiz. Jamiyat, ma’sullar, aholi, shu jumladan, tashkilotingiz xodimlari, ta’bir joiz bo‘lsa, bu vaksina bilan qanchalik emlandi?
– “Halollik vaksinasi”ni singdirish va u bilan emlash – bu doimiy va uzluksiz jarayon hisoblanadi. Aholi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu odamlarda xabardorlikni oshirish, ya’ni korrupsiya judayam yomon illat ekanligini tushuntirish, ularda bu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish orqali vaksinani odamlarga singdiryapmiz. Bunda, albatta, ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlarning yordamiga tayanmoqdamiz.
Mas’ullar va davlat tashkilotlarida esa bu yanayam murakkab, chunki ular bevosita korrupsiyaning potensial sub’ektlari hisoblanadi. Bu bo‘yicha kompleks ishlar olib borilmoqda. Bu sovg‘a olish va berishni tartibga solishdan tortib, xizmat avtomobillari, mebel va jihozlarni sotib olish, binolarni ta’mirlash, davlat xaridlarini amalga oshirishgacha bo‘lgan jarayonlarni o‘z ichiga oladi. Bu jarayonlarda shaffoflikni ta’minlashga alohida urg‘u berilmoqda. Shu orqali davlat xizmatchilarining halol, adolatli qarorlar qabul qilishi, mansab vakolatini suiste’mol qilishining oldi olinishiga harakat qilinmoqda.
Aynan bizning tashkilot xodimlari misolida aytadigan bo‘lsam, bu jamoada, eng avvalo, sog‘lom muhitni yaratish, nafaqat idorada, balki ishdan tashqarida ham davlat xizmatchisiga mos bo‘lmagan xatti-harakatlardan tiyilish kabilarni singdirib kelmoqdamiz.
Yana bir jihat – bizning tashkilotda muhim qarorlar kollegial tarzda qabul qilinadi. Bu xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash va rag‘batlantirishdan tortib, yangi g‘oya va tashabbuslarni ishlab chiqishgacha taalluqli bo‘lib, kollegial tarzda muhokamadan keyingina yakuniy qaror qabul qilinadi.
– Sizningcha, korrupsiyaga qarshi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda jamoatchilikni qanday qilib ko‘proq jalb qilish mumkin?
– Jamoatchilikni korrupsiyaga qarshi kurash jarayonlariga kengroq jalb qilish uchun, ta’bir joiz bo‘lsa, ularni qurollantirish kerak. Bunda, ularning sohadagi bilimlarini oshirish, ularning axborotga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash zarur. Shu maqsadda davlat idoralari va tashkilotlari faoliyatini yanada ochiq va shaffof qilish muhim hisoblanadi. Shundan keyingina biz jamoatchilikni korrupsiyaga qarshi kurashish ishlariga kengroq jalb qila olamiz.
Agentlik tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, nodavlat tashkilotlari hamda yoshlar uchun muntazam ravishda seminar-treninglar tashkil etib kelmoqdamiz. Korrupsiya holatlari haqida, umuman, korrupsiyaning jamiyatga salbiy ta’siri haqida media orqali axborotlar berib boryapmiz. Jumladan, ijtimoiy roliklar, tele va radio eshittirishlar, kinolar yaratilmoqda.
Jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan foydalanish qo‘llab quvvatlanmoqda. Buni jurnalist tekshiruvlari o‘tkazilayotgani misolida ko‘rishimiz mumkin. Yoki bo‘lmasa, bilasiz, bugungi kunda har bir vazirlik va idora huzurida Jamoatchilik kengashlari tashkil etilgan. Ular ham ma’lum bir soha va tashkilot faoliyatini monitoring va nazorat qilib boradi.
Qonunchilikka ko‘ra, jamoatchilik kengashlari tarkibini asosan nodavlat tashkilotlar, shu jumladan, OAV vakillari tashkil qilishi kerak. Lekin, afsuski, amaliyotda ayrim davlat tashkilotlarida fuqarolik jamiyati institutlari vakillari soni kamchilikni tashkil qilayotgani kuzatilmoqda. Ushbu masala Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisida ham tanqidiy muhokama qilinib, bugungi kunda vazirlik va idoralar huzuridagi Jamoatchilik kengashlari tarkibi qayta ko‘rib chiqilib, faol jamoatchilik vakillari sonini oshirish choralari ko‘rilmoqda.
– Korrupsiya haqida xabardorlikni oshirish uchun qanday o‘quv yoki ta’lim dasturlarini taklif qilasiz?
– Xabaringiz bor, joriy yilning iyun oyida Prezidentimiz tomonidan davlat xizmatchilari va aholining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bilimlarini muntazam oshirib borishga qaratilgan qaror qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan 2025 yil 1 yanvardan boshlab barcha davlat xizmatchilari (yangi ishga qabul qilingandan so‘ng 6 oy ichida va har 2 yilda) majburiy ravishda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bilimlarini oshirib borishlari lozimligi belgilandi.
Shu maqsadda Korrupsiyaga qarshi kurashish Virtual akademiyasini ishga tushirish belgilangan. Akademiya platformasida nafaqat davlat xizmatchilari, balki maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilaridan tortib, maktab o‘quvchilari, talaba-yoshlar, tadbirkorlar, jurnalistlar hamda nodavlat tashkilotlari vakillari uchun ham ularning yoshi, sohasi va mutaxassisligiga mos ravishda o‘quv kurslari ishlab chiqiladi va joriy etiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/S5vYRWh_jgA" title="Akmal Burhonov: Korrupsiya – odam oʻldirishdan ham xavfli" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova,
Doniyor Yakubov (video),
Iskandar Ismatov (montaj), O‘zA