16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni
16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni. Ushbu kun BMT Bosh Assambleyasining qaroriga muvofiq, 1997 yildan buyon butun dunyoda har yili nishonlab kelinadi.
Darhaqiqat, har bir millatning umumiy manfaati bilan birga, o‘z qadriyati ham bor. Dunyoning ko‘plab mintaqalarida turli elatlarning manfaatlari to‘qnashuvi ortidan muammoli vaziyatlar bo‘layotgani sir emas.
O‘zbekistondagi bag‘rikenglik tamoyili esa hamisha o‘zaro hurmatni saqlash va ehtirom ko‘rsatishga asos bo‘lib kelmoqda. Turli e’tiqodlarning bir zamon va makonda mavjud bo‘lishi, rivoj topishi kamdan-kam uchraydigan hodisadir.
Muqaddas kitoblarimizda ham mo‘min-qobillik, tinchlikparvarlik va boshqa e’tiqod vakillariga nisbatan bag‘rikenglikka da’vat etilgan. Asrlar davomida yirik shaharlarimizda masjid, cherkov va sinagogalarning bo‘lishi, turli millat va dinga mansub qavmlarning o‘z amallarini erkin ado etib kelayotgani buning tasdig‘idir.
Mintaqamizning buyuk allomalari ijodida ham insoniyat ravnaqi yo‘lida bag‘rikenglik g‘oyalarining ahamiyati yuqori baholanib kelingan. Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy asarlarida ham diniy bag‘rikenglik, qardoshlar taqdiriga loqayd bo‘lmaslik, dunyoda ezgulik, qaror topishi, do‘st sha’ni uchun kurashga chorlangan.
Jumladan, hazrat Navoiyning: “Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanlig‘, Yor o‘ling bir-biringizgaki, erur yorlig‘ ish, kabi misralarini butun bashariyat o‘zining hayotiy g‘oyasiga aylantirishiga barcha zamonlarda ehtiyoj bo‘lgan.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA