
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi mas’ullari ishtirok etib, davlat tashkilotlarida ma’naviy-axloqiy etikaning ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, odob-axloq qoidalariga amal qilinishi, davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyatida ahamiyat qaratishi lozim jihatlar xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
Yurtdoshlarimiz jamiyatda ro‘y berayotgan har qanday hodisaga o‘zini daxldor sezadi, islohotlarning amaldagi natijasiga baho beradi. Tabiiyki, bu jarayonda, avvalo, davlat xizmatchilari faoliyati muhim o‘rin tutadi. Zero, uning faoliyati ko‘plab sohalardagi islohotlarni xalqimiz ongi shuuriga yetkazishda ko‘zgudir.
Davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalariga rioya etishini nazorat qilishda tashkilotning odob-axloq komissiyasi muhim rol o‘ynaydi. Yangi tartib bo‘yicha har bir tashkilotda davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish, ularning axloq normalariga zid xatti-harakatlarining oldini olish va bu qoidalarga rioya etish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqish uchun komissiya tuziladi.
–Axloq shunday oynaki, unda insonning tashqi qiyofasigina emas, balki ichki dunyosi ham ko‘zga tashlanib turadi, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining Iqtisodiy islohotlar boshqarmasi mutaxassisi Dilmurod Habibulloyev. – Demak, inson nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki xulqi ham go‘zal, ma’naviy jihatdan har tomonlama yetuk bo‘lsagina o‘ziga, oilasiga va butun jamiyatga ko‘proq naf keltiradi. Ayniqsa, davlat xizmatchisi xizmat faoliyati davomida ham, ishdan tashqari vaqtda ham xulq-atvori, tashqi ko‘rinishi hamda so‘zlashuv odobi bilan o‘zgalarga o‘rnak va shaxsiy namuna bo‘lishi ayni muddao. Shundagina xalqimizni rozi qiladigan xalqchil davlat xizmatini shakllantirishga, bu borada oldimizga qo‘yilgan barcha ezgu maqsadlarimizni ro‘yobga chiqarishga erishamiz.
Shuningdek, tadbirda davlat xizmatchisining axloq-odobi, jamiyatda tutgan o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tildi. Bu borada e’tibor berish lozim bo‘lgan jihatlar, xususan, korrupsiyaviy holatlarga chidamsizlikni oshirish, aholi oldidagi chuqur mas’uliyatga urg‘u berildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ZhdtHuOWccA" title="Odob-axloq qoidalariga rioya etilishi doim nazoratda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Davlat xizmatining nufuzini baholovchi mezonlardan biri jamoatchilik fikri hisoblanadi. Shu bois davlat organi o‘z nufuzini yanada oshirish maqsadida fuqarolar bilan qayta aloqa mexanizmlaridan samarali foydalanishi zarur.
Tadbir so‘ngida yig‘ilganlar mavzuning bugungi kun uchun dolzarb ahamiyati xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA